O‘zbekiston – Fransiya munosabatlari kengayib bormoqda
Fransiya Milliy Assambleyasi deputati, “Fransiya – Markaziy Osiyo” do‘stlik guruhi raisi Katrin Erve rahbarligidagi delegatsiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi. Delegatsiya vakillari Spiker o‘rinbosari Rahimjon Hakimov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston – Fransiya munosabatlari kengayib, savdo-iqtisodiy, energetika, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar jadal rivojlanib bormoqda. 2025-yil 12-mart kuni Parij shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning qabul qilinishi ikki davlat munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
Muloqotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari R.Hakimov mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlar natijasida parlament vakolatlari kengaygani va parlament nazorati mexanizmlari yanada kuchaytirilgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, K.Erve O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini yuqori baholadi. U O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va taraqqiyot tiladi. Uning qayd etishicha, O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro muloqot va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishda muhim maydonlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Muloqotda qayd etilganidek, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1,4 milliard AQSH dollariga yetdi. Fransiya kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli esa 12 milliard yevrodan oshgan. Shuningdek, O‘zbekiston – Fransiya universitetining tashkil etilishi, madaniy merosni o‘rganish va asrab-avaylash sohasidagi hamkorlik, jumladan, Luvr muzeyida O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmaning o‘tkazilishi gumanitar aloqalarning ham izchil kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Davlat rahbarlari tomonidan erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlashda parlamentlarning qonun ijodkorligi, parlament nazorati va parlament diplomatiyasi sohalaridagi hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda uchrashuvda O‘zbekiston va Fransiya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, parlament qo‘mitalari va fraksiyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni kengaytirish, do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish, o‘zaro tashriflarni ko‘paytirish kabi masalalarga e’tibor qaratildi. Bu borada hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro tajriba almashinuvini izchil davom ettirishga kelishib olindi.
M.Komilova, O‘zA