O‘zbekiston fitosanitar nazoratni ta’minlashda yetakchi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi o‘simliklar karantini sohasida “detektor – xizmat it”laridan foydalanishga bag‘ishlangan press-tur tashkil etdi.
Press-tur avvalida xorijiy ekspert va kinoniklar tomonidan “detektor – xizmat it”lari ishtirokida ko‘rgazmali chiqishlar, inspeksiya kinologlari va ularning xizmat itlari uchun transport vositalari va qo‘l yuklarida karantin ostidagi mahsulotlarni aniqlashning xalqaro miqyosda tan olingan usullari asosida treninglar o‘tkazildi .
Prezidentimizning 2020 yil 13 oktyabrdagi "O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida mamlakatimiz fitosanitariya tizimini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Qaror ijrosi doirasida fitosanitariya sohasidagi eng ilg‘or xalqaro amaliyot va tajribalarni keng joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, mamlakat hududida karantindagi zararli organizmlarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida 2020 yildan boshlab chegara maskanlaridagi fitosanitariya nazorat faoliyatida «detektor-xizmat it»laridan foydalanish tizimi joriy etildi.
Ushbu tizimni joriy etishda Chili, Avstraliya va Latviya kabi bir qator mamlakatlarning ilg‘or tajribasi o‘rganildi.
—bugungi kunda “detektor-xizmat it”lari yordamida transport vositalarining bagaj qismi va qo‘l yukida yuqori fitosanitar xavfi bo‘lgan karantin ostidagi mahsulotlar (urug‘lik va ekish materiallari)ni aniqlashda foydalanilmoqda, — deydi «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi boshlig‘i maslahatchisi Bunyod Nasimov. — Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda qisqa vaqt ichida chegara punktlarida o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirayotgan 10 nafar kinolog – mutaxassis va ularning xizmat itlari tayyorlandi. O‘zbekiston ayni paytda fitosanitar nazoratni ta’minlashda innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llashda Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinda turadi. Inspeksiya kinolog-mutaxassislar malakasini oshirishda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida «Markaziy Osiyoda savdo tartib-taomillarini soddalashtirish» loyihasi doirasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi yetakchi kinologlardan biri, Daniya, Finlyandiya, Niderlandiya, Chexiya, Estoniya, Belarus mamlakatlarida detektor itlar tayyorlashga salmoqli hissa qo‘shgan Valdis Bikovskis jalb etildi.

Press-tur doirasida xorijlik ekspertlar "detektor-xizmat itlari"dan foydalanishga oid yangi metodlarni namoyish etdi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA