Oʻzbekiston – Eron: istiqbolli hamkorlik samarasi
Buxoro tumanidagi “Gʻijduvon erkin iqtisodiy zonasi”ning Toʻdakoʻl massivida “PETROCHEM SEPEHR BUKHARA” Oʻzbekiston-Eron qoʻshma korxonasi tashkil etilmoqda. Loyiha qiymati 274 million AQSH dollari boʻlgan mazkur korxona 2026-yilda toʻliq ishga tushadi.
Loyiha asosida yiliga 240 million AQSH dollarlik neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Shundan 82 million dollarga teng mahsulot eksportga yoʻnaltiriladi. 123 million dollarlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladi. 600 kishi ish bilan taʼminlanadi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, loyihadagi texnologiyalarning analoglari Buxoro va Fargʻona neftni qayta ishlash zavodlarida mavjud. Ulardan farqli ravishda ishlab chiqariladigan yengil nafta-eritgichlar ishlab chiqarish loyihasiga yoʻnaltiriladi. Natijada ishlab chiqarilgan avtobenzin tarkibida benzol miqdori 1 foizdan oshmasligiga erishiladi. Avtobenzin “YEVRO-5” standarti talabiga javob beradi.


Masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “PETROCHEM SEPEHR BUKHARA” Oʻzbekiston – Eron qoʻshma korxonasining birinchi bosqichi joriy yilning yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi.
Zarif Komilov,
OʻzA muxbiri.