O‘zbekiston delegatsiyasi “Islomda ayollar” konferensiyasida
Kecha Jidda shahrida joylashgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibiyati qarorgohida ushbu tuzilmaga a’zo davlatlar vakillari ishtirokida “Islomda ayollar” mavzusida xalqaro konferensiya ish boshladi.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Anjumanda IHTga a’zo davlatlarda xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini oshirish, islom dinida ayollar huquqi hamda ularga to‘sqinlik qilayotgan salbiy qarashlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilinmoqda.
Besh ishchi sessiyadan iborat tadbirda xotin-qizlarning maqomi, Islomdagi haq-huquqi, muslimalarni ta’lim va ish bilan ta’minlash hamda zamonaviy jamiyatdagi ular bilan bog‘liq turli muammolar ko‘rib chiqiladi.
Konferensiya ochilishida so‘zga chiqqan Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon mamlakatda ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish islom dinining eng olijanob xususiyati ekanini ta’kidladi.
Bugun delegatsiyamiz rahbari “Yangi O‘zbekiston sharoitida milliy-diniy qadriyatlarga e’tibor hamda ayollar huquqi ta’minlanishi masalasi” mavzusida ma’ruza qilishi kutilyapti. Shuningdek, IHTga a’zo davlatlar vakillari e’tiboriga mamlakatimizda ayollar haq-huquqini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi xususida muhim ma’lumotlar taqdim etiladi.
Anjuman 9 noyabrga qadar davom etadi.
O‘zA