O‘ZBEKISTON – BMT: HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbari, odatda, mazkur nufuzli tuzilma minbaridan turib so‘zlagan nutqlarida jahon hamjamiyati e’tiborini sayyoramiz aholisi uchun o‘ta muhim masalalarga qaratadi, qator muhim takliflarni ilgari suradi. Eng muhimi, ushbu taklif va tashabbuslar muntazam ravishda jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilib, BMTning rasmiy hujjatlarida aks etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida so‘zga chiqishi arafasida 2017 yil 19 sentyabrdagi nafaqat mamlakatimiz va Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun dunyo uchun muhim ahamiyat kasb etgan BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqini yodga olamiz.
O‘shanda davlatimiz rahbari, avvalo, xalqaro jamoatchilik e’tiborini O‘zbekiston jadal rivojlanish bosqichiga qadam tashlab, qat’iy islohotlar amalga oshirish, mamlakatning yangi qiyofasini shakllantirish yo‘liga o‘tganiga qaratgan edi.
Jamiyatda siyosiy faollik ortib, “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun”, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” kabi oddiy, aniq-ravshan tamoyilni amalga oshirish, demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etish ustuvor maqsad etib belgilanganini ta’kidlagan.
Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilayotgani, inson huquqlari himoyasi kafolatini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgani, inson huquqini muhofaza qilish bo‘yicha milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan ochiq muloqot faollashgani qayd etilgan.
Prezidentimiz o‘z nutqida noyabr oyida Samarqandda tashkil etilishi mo‘ljallangan yuqori darajadagi xalqaro anjumanda mintaqadagi fundamental muammolar muhokama qilinishi, anjuman yakunida BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatini qo‘llab-quvvatlashga doir maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi kiritilishi rejalashtirilganini aytgan edi.
Shu tariqa 2017 yil 10 noyabr kuni BMT shafeligida Samarqand shahrida o‘tgan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzusidagi xalqaro konferensiyada ilgari surilgan ayni tashabbus mintaqadagi barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Qolaversa, yaqindagina hisob bo‘yicha 5-bor o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish tashabbusi ham aynan BMT minbaridan turib mamlakatimiz yetakchisi tomonidan bildirilgan edi.
Jahonda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bilan bog‘liq muammolar to‘g‘risida gap ketganda, umumiy suv zaxiralaridan oqilona foydalanishdek muhim masalani chetlab o‘tolmaymiz. Shu ma’noda O‘zbekiston BMTning preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo havzalari suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyalar loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zbekiston yetakchisi BMT faoliyati doirasida doimiy ravishda xalqaro hamjamiyat e’tiborini bugungi kunning eng o‘tkir ekologik muammolaridan biri – Orol halokatiga qaratib keladi. Ushbu sessiyada ham Shavkat Mirziyoyev dengiz qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etishini ta’kidladi. Aniqrog‘i, BMT minbaridan turib Orol dengizi xaritasi va uning fojiasi ko‘lamini yaqqol namoyish etdi.
Binobarin, O‘zbekiston rahbarining Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast fondini tashkil etish tashabbusi dunyo hamjamiyatida jo‘shqin aks sado berdi. Bir yildan so‘ng, 2018 yil 27 noyabrda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Trast fondi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mamlakatimiz rahbari yig‘ilishda yana bir o‘ta dolzarb va muhim masala – Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish “nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni ta’minlashning muhim sharti bo‘lib qoladi”, deya ta’kidlagan. Shu bilan birga O‘zbekiston Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishiga, ushbu mamlakatning transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga, milliy kadrlarini tayyorlashga munosib hissa qo‘shayotgani, bu yo‘ldagi ishlar bundan keyin ham davom etishiga ishonch bildirilgan.
O‘zbekiston rahbari 72-sessiyada ilgari surgan asosiy taklif, shubhasiz, dunyo yoshlari huquqi bilan bog‘liq masaladir.
Dunyoda xalqaro terrorizm va ekstremizm tahdidi kuchayib borayotgan bir paytda, ushbu illatlarga qarshi kuch ishlatish yo‘li bilan emas, balki jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish zarurliga e’tibor qaratar ekan, Shavkat Mirziyoyev bunday salbiy holatlar oqibatini bartaraf qilish bilan cheklanib qolmasdan, ularni keltirib chiqarayotgan asosiy sabablarni aniqlashga da’vat etdi. Bu jarayonda, birinchi navbatda, yoshlarning ongi, tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir.
– Bugungi dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avlod, chunki ular 2 milliard kishidan ko‘p, – deydi, jumladan, Shavkat Mirziyoyev. – Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz yoshlar o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoit yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim. Shu munosabat bilan O‘zbekiston globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif etadi.
BMT Bosh Assambleyasining mazkur nufuzli majlisida respublikamiz rahbari yana bir beqiyos ahamiyatga molik masalani jahon afkor ommasi diqqatiga havola etdi.
Ma’lumki, Markaziy Osiyoda Uyg‘onish davrining ko‘plab yorqin namoyandalaridan biri, jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan Muhammad Ismoil Imom Buxoriy o‘z ahamiyatiga ko‘ra islom dinida Qur’oni karimdan keyingi muqaddas kitob – “Sahihi Buxoriy” muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan. Bu ulug‘ zotning g‘oyat boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma’rifatiy islom to‘g‘risidagi ta’limotini keng yoyish maqsadida Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomli Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochilishi, poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ham ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
Prezidentimiz sessiya ishtirokchilariga BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qildi. Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat bo‘lishi, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilar huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgani qayd etildi.
E’tiborlisi, oradan bir yil o‘tib, 2018 yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda O‘zbekiston taqdim etgan yana bir tashabbus hayotga tatbiq etildi – BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Umuman, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi BMTning xalqaro munosabatlarda hal qiluvchi o‘rin egallashini e’tirof etgan holda, O‘zbekiston tashkilot bilan hamkorlikni izchil davom ettirishiga ishora sifatida yangragan edi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari ushbu yuksak minbardan turib jahon hamjamiyati e’tiboriga havola etgan barcha masalalar hayotiyligi, dolzarbligi, tashabbuslar o‘z vaqtida ilgari surilgani bilan diqqatga sazovor. Zero, insoniyat oldida turgan o‘ta muhim vazifalarni ko‘rsatib berayotgan mazkur takliflar xalqaro jamoatchilik tomonidan darhol e’tirof etilmoqda va Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyati doirasidagi asosiy hujjatlarda aks etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, endilikda dunyo hamjamiyati O‘zbekiston timsolida nafaqat mintaqada, balki xalqaro maydonda kun tartibini belgilab beruvchi faol ishtirokchilardan birini ko‘rmoqda.
G‘ayrat XONNAZAROV,
O‘zA muxbiri