O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida savdo aylanmasi ko‘lami ortmoqda
2022 yil yanvar-may oylarida O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida savdo aylanmasi avvalgi yilning shu davri bilan solishtirganda 1,2 foizga oshgan va 322,6 million AQSH dollarini tashkil etgan, deyiladi "Biznes Turkmenistan" portalida berilgan xabarda.
Yuqorida keltirilgan davrda O‘zbekiston Turkmanistondan 259,6 million dollarlik mahsulot import qilgan, eksport esa 62,9 million dollarni tashkil qilgan. Shunday qilib, 2022 yilning yanvar-may oylarida Turkmaniston O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo sheriklari o‘ntaligiga kirdi, deyiladi xabarda.
Joriy yilning o‘tgan besh oyida O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo sherigi Xitoy bo‘ldi. O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida 3,8 milliard dollarlik savdo amalga oshirilgan.
Ma’lumot uchun: 2021 yilda O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasida savdo aylanmasi 881,9 million dollarni tashkil etgan edi, bu 2020 yil bilan solishtirganda 61 foizga ko‘pdir.