O‘zbekiston biatlon federatsiyasiga yangi rais saylandi
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashida O‘zbekiston biatlon federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi, Qishki sport turlari assotsiatsiyasi va bir qator sport tashkilotlarining vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi rahbari Husan Botirov federatsiya raisi etib saylandi.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi boshlig‘i Mansur Mamadaminov federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga va “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi rahbari o‘rinbosari Anvar Kurbaniyazov federatsiya raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Konferensiyada O‘zbekiston Biatlon federatsiyasi raisi o‘rinbosari Anvar Kurbaniyazov federatsiya tomonidan to‘rt yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etdi.
Konferensiyada federatsiya raisligiga saylangan Husan Botirov ishonch uchun minnatdorlik bildirib, istiqboldagi strategik maqsad va rejalar to‘g‘risida so‘zladi.
Biatlon sport turini mamlakatimizda rivojlantirish masalalari muhokamasi davomida 2027-yil fevralda Estoniyaning Otepya shahrida o‘tkaziladigan Jahon chempionati va 2030-yili Fransiyaning Alp tog‘larida tashkil etiladigan XXVI qishki Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilarning muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash yuzasidan bir qator takliflar ilgari surildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA