O‘zbekiston- Belarus: veterinariya sohasida hamkorlik
Mamlakatimiz va Belarus Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik aloqalari keyingi yillarda oliy ta’lim tizimida ham mustahkamlanib bormoqda.
Jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiya universiteti Belarus Respublikasining Vitebsk veterinariya akademiyasi va Grodno davlat agrar universiteti bilan professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan.
– Vitebsk veterinariya akademiyasi veterinariya sohasi bo‘yicha dunyodagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi, – deydi Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti prorektori Abdug‘ani Elmurodov. – Bu yerda juda keng ko‘lamda ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshiriladi hamda mutaxassis kadrlar tayyorlanadi. Bizning universitetimiz aynan shu yo‘nalishlarda akademiya bilan hamkorlik qiladi. Har yili professor-o‘qituvchilarimiz borib, akademiyada tajriba o‘rganib keladi. O‘z navbatida ulardan mutaxassislar kelib, talabalarimizga saboq beradi. Bundan tashqari, veterinariya meditsinasi va veterinariya farmatsevtikasi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yganmiz. Bu yo‘nalishlarda talabalar 2-3 yil bizda va 2 yil akademiyada o‘qib diplom oladi. O‘tgan yil qo‘shma ta’lim dasturi asosida ilk bor 20 nafar yoshlar mutaxassislik diplomini olib, mehnat faoliyatini boshladi. Ayni paytda yana 50 nafarga yaqin talabalarimiz akademiya va universitet o‘qituvchilari sabog‘ini olmoqda.
Akademiya bilan hamkorlik doirasida ikki muassasa ilmiy xodimlari tomonidan yirik va mayda shoxli hayvonlar kasalliklarini davolash, yuqumli va ichki yuqumsiz kasalliklar, parazitar kasalliklar, veterinariya xirurgiyasi, veterinariya farmokologiyasi kabi yo‘nalishlarda darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar ham tayyorlanmoqda. Xususan, besh yil ichida o‘zaro hamkorlikda 50 ga yaqin o‘quv qo‘llanma va monografiya nashr etildi, o‘quv dasturlari ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, universitet olimlari Belarus davlati oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari bilan birgalikda chorva hayvonlari kasalliklarining oldini olish va turli xil xastaliklarga qarshi kurashish maqsadida vaksina va preparatlar yaratish borasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Darvoqe, kuni kecha Samarqand viloyati hokimi va Belarus Respublikasi Grodno viloyati gubernatori uchrashuvida mintaqalar o‘rtasida oliy ta’lim tizimida ham hamkorlik aloqalarini kengaytirishga kelishib olindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri