O‘zbekiston - Belarus: parlamentlararo muloqot do‘stona munosabatlar va yangi iqtisodiy imkoniyatlarga keng yo‘l ochmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumida ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni izchil rivojlantirish, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash va ikki tomonlama munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini belgilash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar parlamentlar o‘rtasidagi muntazam va ochiq muloqotni davom ettirish, davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishda parlamentlarning rolini yanada kuchaytirish muhimligini ta’kidladi. Parlament qo‘mitalari, parlamentlararo hamkorlik guruhlari va hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchrashuvning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, to‘qimachilik va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish uchun parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.

Shu nuqtai nazardan, parlamentlar nafaqat siyosiy muloqotni rivojlantirish, balki biznes vakillari uchun yangi imkoniyatlar yaratish, investitsiyaviy va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashda ham faol ishtirok etishi lozimligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda uyushgan mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Fuqarolarni qonuniy asosda ish bilan ta’minlash, ularning mehnat, tibbiy va ijtimoiy huquqlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm yo‘nalishlarida amaliy loyihalarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Xususan, madaniyat kunlari, rektorlar forumlari va tibbiy forumlarni muntazam o‘tkazish, yoshlar ishtirokida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston va Belarus o‘quvchilari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Belarus parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional jihatdan yanada mustahkamlash, hududlararo aloqalarni kengaytirish, ishbilarmonlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro parlament platformalari doirasida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA