O‘zbekiston – barchamiz uchun yagona vatan…
Bugun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, xalqlar va xorijiy davlatlar o‘rtasida hamjihatlik, madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish maqsadida “O‘zbekiston barchamiz uchun yagona qalb, yagona vatandir” mavzusida ma’naviy - ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir bag‘rikengligi tillarda doston bo‘lgan Shomahmudovlar xonadoni hayoti, Rahmat Fayziyning “Hazrati inson” romani asosida rejissyor Shuhrat Abbosov ishlagan “Sen yetim emassan” filmidagi lavhalar bilan boshlandi.

So‘zga chiqqanlar “30 iyul -Xalqaro do‘stlik kuni” mazmun-mohiyati, millatlararo totuvlikni ta’minlashda ushbu sananing ahamiyati, millatlararo munosabatlarni rivojlantirish, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari asosida tinchlik, totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash haqida fikr-mulohazalar bildirishdi.
Ma’lumki, mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elatlar, 16 ta diniy konfessiya vakillari, 141 ta milliy madaniy markaz va 36 ta do‘stlik jamiyatlari a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoqlikda yashab, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan dunyoning ko‘plab davlatlarida 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni sifatida keng nishonlanadi. Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasiga asosan 30 iyulda «Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
Tadbirga Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi vakillari ham tashrif buyurib, barcha millat vakillari ahil, bir-biriga qarindosh bo‘lib ketishgani, to‘y-hashamlar, turli bayramlarni birgalikda – inoqlikda o‘tayotganini e’tirof etishdi. Bayram tadbirida tojik, qozoq, qirg‘iz, qrim-tatar, boshqird, belorus, uyg‘ur va ozarbayjon milliy madaniy markazlari qoshida tashkil etilgan ansambllar o‘z badiiy mahoratlarini namoyish etishdi.

Tadbirga Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq (mintaqaviy ) markazi xodimlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari ham mehmon sifatida qatnashdilar.
Ushbu tadbirni o‘tkazishdan maqsad, oddiy odamlar, xalqlar, davlatlar – umuman olganda jamiyatning turli qatlamlari hamda tuzilmalari o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan iborat.

O‘zA