O‘zbekiston bank tizimida raqobat darajasi oshmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan mamlakatimiz bank tizimidagi raqobat darajasi baholandi.
MHTI yetakchi mutaxassisi Umida Yoqubjonova bu haqda quyidagilarni ma’lum qildi:
–Umuman olganda, mamlakatimiz bank tizimida raqobat darajasining yaxshilanishi bir qator ijobiy omillarga olib keladi. Birinchidan, bu bank xizmatlarining sifatini oshiradi, mijozlar uchun qulaylik va turli imtiyozlarni ko‘paytiradi. Ikkinchidan, raqobat ortishi kredit va depozit stavkalarining moslashuviga yordam beradi, bu esa aholi va tadbirkorlar uchun yanada maqbul shart-sharoitlarni yaratadi. Shu bilan birga, bozordagi sog‘lom raqobat bank tizimini mustahkamlab, iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Endi tahlil natijalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2024 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, tijorat banklari aktivlarining hajmi 738,7 trillion so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich II chorakka nisbatan 48,3 trillion so‘mga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 123 trillion so‘mga oshgan. Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning jami bank tizimi aktivlaridagi ulushi o‘tgan yilning III choragiga nisbatan 2 foiz bandga oshib, 33 foizni tashkil etgan bo‘lsa, davlat ulushi mavjud bo‘lgan ikkita eng yirik bank – O‘zmilliybank va O‘zsanoatqurilishbankning ulushi 1,8 foiz bandga kamaydi.
Shu bilan birga, Qozog‘istonning “Yevroosiyo banki” sho‘’basi ham xususiy bank sifatida faoliyatini boshladi. 1 oktyabr holatiga ko‘ra, mazkur bankning jami aktivlardagi ulushi 0,03 foizni tashkil qildi. Shuningdek, Poytaxtbank Birlashgan Arab Amirliklarining “Bond Investments Limited” MCHJ tomonidan sotib olinishi natijasida xususiy banklar qatoriga qo‘shildi. Bu esa xususiy banklar va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning jami bank tizimi aktivlaridagi ulushi 0,04 foiz bandga oshishiga sabab bo‘ldi.
Kreditlar bozorida ham raqobat darajasi yaxshilangan. Tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,2 foizga oshib, 515,6 trillion so‘mga yetdi. Shu jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi mos ravishda 22 foiz va 11 foizga oshdi. Tarmoqlar kesimida sanoat 14 foiz, qishloq xo‘jaligi 12 foiz, savdo va xizmatlar 10 foizga oshdi. Davlat ulushi mavjud bo‘lgan O‘zmilliybank, Agrobank va O‘zsanoatqurilishbankning jami kredit portfelidagi ulushi 2024 yilning II choragiga nisbatan 0,5 foiz bandga kamaydi. Milliy valyutada jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 1 oktyabr holatiga asosan 23,8 foizni, yuridik shaxslar uchun esa 22,7 foizni tashkil etdi.
Depozitlar bozorida 2024 yilning III choragida II chorakka nisbatan HHI 36 birlikka yaxshilanib, depozitlar bozorida raqobat darajasi aktivlar va kreditlar bozoridagiga qaraganda yuqori ekanini ko‘rsatdi. Mazkur davrda xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar o‘rtasida ichki raqobat kuchayib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan Ipak yo‘li bankining jami depozitlar hajmidagi ulushi 0,8 foiz bandga, Anorbank va Ipotekabankda 0,7 foiz bandga, Hamkorbank va TBS bankda 0,3 foiz bandga oshdi. Davlat ulushi mavjud bo‘lgan uchta yirik bankning jami bank tizimi depozitlaridagi ulushi esa 0,9 foiz bandga kamaydi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 1 oktyabr holatiga asosan mos ravishda (yillik hisobda) 22 foizni va 16,2 foizni tashkil qildi.
Xulosa shuki, O‘zbekiston bank tizimida raqobat darajasining yaxshilanishi iqtisodiy rivojlanish uchun muhim omildir. Raqobat darajasi oshishi banklar o‘rtasidagi sifatli xizmat ko‘rsatish va qulay shart-sharoitlar yaratishga imkon beradi. Bunda mijozlar uchun kredit va depozit stavkalaridagi samarali o‘zgarishlar, bank xizmatlari turlarining kengayishi kuzatiladi. Muhimi, bu jarayonda bozorda sog‘lom raqobat vujudga kelib, umumiy iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir etadi.
Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.
O‘zA