“O‘zbekiston – bag‘ri keng diyor” adabiyotlar ko‘rgazmasi
16 noyabr –Xalqaro bag‘rikenglik kuni
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 15 noyabrdagi “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Jizzax viloyatida Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkazilmoqda.

Bugungi kunda viloyatning shahar va tumanlarida turli millat vakillari tinch-totuvlikda istiqomat qilib kelmoqda. Jumladan, Mirzacho‘l tumanida qozoqlar, Zomin va Baxmal tumanlarining tog‘li hududlari, shuningdek, Arnasoy va Do‘stlik tumanlarida qirg‘izlar, Forish, Paxtakor, Yangiobod tumanlarida tojiklar, G‘allaorol tumani va Jizzax shahrida rus hamda tatar millatiga mansub yurtdoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu xalqlar shu darajada o‘zaro yaqinlashib ketishganki, turmushi, hayot tarzi, to‘y va ma’rakalari ham bir-biriga o‘xshashdir.

Ayni paytda Jizzax viloyatida 6 ta milliy-madaniy markaz faoliyat olib borayotgani 30 dan ziyod millat va elat vakillari istiqomat qilayotgan vohadagi ma’naviy va ma’rifiy muhitning yanada sog‘lomlashuvida ijobiy ahamiyat kasb etmoqda.
Haftalik munosabati bilan qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert dasturlari, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, Gagarin shaharchasida 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan Mirzacho‘l tumani axborot-kutubxona markazi xodimlari tomonidan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusida badiiy adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

E’tiborlisi, ushbu ko‘rgazmada nafaqat o‘zbek, balki rus, qozoq, tojik va qirg‘iz tillaridagi “Jahon adabiyoti durdonalari kutubxonasi” turkumidan o‘rin olgan eng sara asarlar namoyish etildi. Ko‘rgazma tufayli tuman aholisi o‘z ona tillaridagi sara asarlardan bahramand bo‘ldi.
“Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida viloyatning boshqa hududlarida ham turli tadbirlar tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari