O‘zbekiston - Avstriya hamkorligiga 30 yil to‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Avstriya Respublikasi Yevropa va tashqi ishlar federal vaziri Aleksandr Shallenberg ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘zaro tabrik almashdilar.
A.Komilovning maktubida O‘zbekiston Avstriyani Yevropadagi asosiy sherik deb bilishi hamda uzoq muddatli va ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikka alohida ahamiyat qaratishi ta’kidlangan.
“Biz Avstriya bilan ochiq, konstruktiv muloqotni davom ettirishdan, siyosiy, parlamentlararo, iqtisodiy va ta’lim sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz, – dedi O‘zbekiston TIV rahbari.
O‘z navbatida Aleksandr Shallenberg so‘nggi yillarda o‘zaro hurmat va do‘stlikka asoslangan O‘zbekiston - Avstriya munosabati ijobiy xususiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
“Avstriya ishbilarmon doiralari O‘zbekistonni mintaqadagi, ayniqsa, infratuzilmani rivojlantirish va yashil iqtisodiyotga o‘tish nuqtai nazaridan eng istiqbolli bozorlardan biri sifatida biladi”, — deyiladi Avstriya tashqi ishlar vaziri maktubida.
O‘zA