O‘zbekiston arbitraj haftaligi boshlandi
Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida “O‘zbekiston Arbitraj haftaligi"ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov tadbirning asosiy maqsadi - mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq islohotlarini chuqurlashtirish va mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida mahalliy jamoatchilik va xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston Arbitraj haftaligi 6 sentyabrdan 10 sentyabrga qadar davom etadi. Haftalik davomida Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC) qator tadbirlarni tashkil etadi.

Shu o‘rinda O‘zbekistonda nizolarni arbitraj orqali hal etishning zamonaviy va xalqaro standartlarga asoslangan mexanizmlarini shakllantirishga e’tibor qaratilayotganini qayd etish joiz.
Adliya vazirligi tomonidan Toshkent xalqaro arbitraj markazi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani bu boradagi muhim qadam bo‘ldi. Markaz yetakchi xorijiy arbitrajlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, xalqaro arbitraj orqali nizolarni hal etish sohasida tajriba almashmoqda. Faoliyati davomida mavjud nizolarni hal etish uchun xorijiy arbitrlar jalb qilinib, xalqaro arbitraj, jumladan, investitsiyalar bilan bog‘liq nizolarni suddan tashqari hal etish sohasida mutaxassislar tayyorlay boshladi.
Xalqaro arbitraj markazi mahalliy va xorijiy xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, xususan, xorijiy investorlarga investitsiya bilan bog‘liq, shu jumladan, tomonlardan biri davlat bo‘lgan nizolarning vujudga kelishining oldini olish sohasida konsultatsiya xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
Haftalikni tashkil etishda nafaqat Toshkent xalqaro arbitraj markazi, tegishli tashkilotlar, balki ko‘plab xalqaro huquq firmalari yaqindan ko‘maklashdi.
TIAC direktori Diana Bayzakova pandemiya inqirozidan keyin xalqaro arbitraj bo‘yicha birinchi oflayn tadbirda ishtirok etadigan bir qator taniqli ma’ruzachilar ham borligini ma’lum qildi.
Haftalik davomida TIAC hakamlik va vositachilik qoidalari qayta ko‘rib chiqiladi. Sohadagi asosiy yutuqlardan biri shuki, tegishli masalalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha 60 nafar xalqaro hakamlar ro‘yxati tuzilgan.
Haftalik davomida arbitrajning afzalliklari haqida keng ma’lumot taqdim etilishi bilan bir qatorda soha mutaxassislari o‘zaro tajriba ham almashadi.
N.Abduraimova, O‘zA