O‘zbekiston-AQSH: ta’limda hamkorlik
AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi, Ta’lim bo‘yicha Amerika Kengashlari xalqaro tashkiloti hamda O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida Buxoroda ingliz tilini o‘qitish masalalariga bag‘ishlangan hududiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Buxoro shahridagi 4-ixtisoslashgan umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan ushbu konferensiyada 100 nafardan oshiq ingliz tili fani o‘qituvchisi qatnashdi.
Ikki kun davom etgan anjumanda Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi ESN:STT dasturi ishtirokchilari hamda TESOL o‘qitish usullari bo‘yicha malaka oshirgan xalqaro ekspertlarning 40 dan ortiq seminari, mahorat darsi va taqdimoti o‘tkazildi.
Ishtirokchilar o‘quvchilarning bilim olishini yaxshilash, o‘qitishning kommunikativ usullari, dars ishlanmalarini ishlab chiqish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.
Faol ishtirokchilar tadbir tashabbuskorlari tomonidan taqdirlandi. Tashkilotchilarga Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining tashakkurnomalari topshirildi.
[gallery-13952]
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari