«O‘zbekiston-2030» strategiyasi: mahalla aholi va davlat organlari o‘rtasidagi tayanch ko‘prikka aylanadi
«O‘zbekiston-2030» strategiyasi mamlakat taraqqiyotining strategik yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim dasturiy hujjatdir. Unda inson kapitalini rivojlantirish, barqaror iqtisodiy o‘sish va qonun ustuvorligini ta’minlash, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish kabi vazifalarga alohida yondashilgan. Shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq maqsad va vazifalar belgilangan.
«O‘zbekiston-2030» strategiyasining IV yo‘nalishi bo‘lgan «Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish» yo‘nalishi davlat organlari faoliyatini inson manfaatlariga yaqinlashtirish, boshqaruv jarayonlarida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, sud-huquq tizimida inson huquqlari kafolatlarini mustahkamlash hamda davlat xizmatlarini zamonaviy raqamli shaklga o‘tkazishni nazarda tutadi.
Mazkur yo‘nalishning muhim jihatlaridan biri — mahalla institutining rolini kuchaytirishdir. Strategiyada mahallani aholi va davlat organlari o‘rtasidagi «tayanch ko‘prik»ka aylantirish vazifasi belgilangan. Bu orqali mahalla faqat murojaatlarni qabul qiluvchi yoki ma’lumot yetkazuvchi tuzilma emas, balki hududdagi kundalik masalalarni hal etishda faol ishtirok etuvchi boshqaruv bo‘g‘ini sifatida shakllanadi. Shu maqsadda mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga ajratiladigan mablag‘larni 24 trillion so‘mga yetkazish, interaktiv kiosklar orqali davlat xizmatlari ko‘rsatishni kengaytirish nazarda tutilgan.
Bu vazifalar mahalla darajasida aholiga qulaylik yaratish, davlat xizmatlarini fuqarolarga yaqinlashtirish va mahalladagi infratuzilma muammolarini aholi fikri asosida hal etish imkonini beradi. Ayniqsa, interaktiv kiosklar orqali xizmatlar ko‘rsatilishi fuqarolarning tuman yoki shahar markazlariga borish zaruratini kamaytiradi. Shu bilan birga, mahallada davlat xizmatlarining ko‘payishi aholi muammolarini joyida o‘rganish va tezkor yechim topish amaliyotini kuchaytiradi.
Davlat boshqaruvi samaradorligi, avvalo, davlat xizmatchilarining bilim va malakasi, mas’uliyati, tashabbuskorligi hamda fuqarolar bilan samarali ishlash ko‘nikmalariga bevosita bog‘liq. Shu maqsadda strategiyada davlat xizmatchilarining malakasini masofaviy ta’lim platformalari orqali oshirish qamrovini kengaytirish, xorijiy tajribaga ega mutaxassislar ulushini ko‘paytirish hamda davlat fuqarolik xizmatidagi bo‘sh ish o‘rinlariga tanlov jarayonlarini raqamlashtirish vazifalari belgilangan. Bunday yondashuv kadrlarni tanlashda inson omiliga bog‘liq sub’ektiv ta’sirlarni kamaytirish, nomzodlarning bilimi, tajribasi va kasbiy salohiyatini xolis baholash imkonini beradi.
Shu bilan birga, strategiyada xalq bilan muloqot tizimini yanada takomillashtirish ham alohida o‘rin tutadi. Bu yo‘nalishda murojaatlarning asosiy qismini mahalliy darajada hal etish, fuqarolarning muammolarini markaziy idoralargacha olib chiqmasdan, hududning o‘zida tezkor va qonuniy yechim topish vazifasi belgilangan. Murojaatlarning kamida 80 foizini mahalliy darajada qanoatlantirish vazifasi davlat organlarining aholi muammolariga yaqinroq bo‘lishini, hududiy mas’ullarning javobgarligini kuchaytirishni va va ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni kamaytirishni ko‘zda tutadi.
Shuningdek, «Xalq nazorati» portalini har bir hududda joriy etish fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi. Ushbu mexanizm orqali aholi mavjud muammolar, kamchiliklar va ijro intizomiga oid masalalar yuzasidan axborot berishi, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Bu esa davlat organlari faoliyatida ochiqlik, hisobdorlik va mas’uliyatni kuchaytirish bilan birga, fuqarolarning islohotlar jarayonidagi faol ishtirokini ta’minlaydi.
Fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish ham davlat boshqaruvida ochiqlik, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklikni kuchaytirishga qaratilgan muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shu maqsadda davlat ijtimoiy buyurtmalari sonini ko‘paytirish, strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqishda mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlar ishtirokini kengaytirish, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan grantlar va ijtimoiy buyurtmalar hajmini bosqichma-bosqich oshirib borish nazarda tutilgan. Bu yondashuv jamiyatdagi dolzarb muammolarni aniqlash, ular bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish, davlat qarorlarini qabul qilish jarayonida jamoatchilik fikrini inobatga olishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi davlat boshqaruvida fuqaro manfaatlarini ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda aholi uchun qulay, ochiq va hisobdor boshqaruv tizimini shakllantirishga qaratilgan muhim dasturiy hujjatdir.
Inobat Hakimova,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA