“O‘zbekgidroenergo” xalqaro maydonda 8 yo‘nalishda kelishuv va hamkorlikka erishdi
Gidroenergetika sohasi dunyo energetika tizimida barqaror rivojlanishni ta’minlovchi eng muhim yo‘nalishlardan. Shu sababli, bugungi kunda yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish natijasida nafaqat ekologik barqarorlik, balki iqtisodiy samaradorlikni oshirishga ham erishilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, joriy yilning 16-18-iyun kunlari o‘tkazilgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshirilgan xalqaro uchrashuvlar sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim amaliy qadam bo‘ldi.
Forum davomida kompaniya tomonidan AQSHning “77 Construction USA Corp.”, Xitoyning “China Huaneng Group”, Hindistonning “Adani Group”, Yaponiyaning “MUFG Bank”, Germaniyaning “AKA Bank”, Xorvatiyaning “Koncar” va “In Foro Viridi”, Jahon banki guruhi hamda Afg‘oniston Tashqi savdo vazirligi vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida jami 7 ta yo‘nalish bo‘yicha kelishuv va hamkorlik yo‘nalishlari shakllantirildi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Nurullayev ta’kidlashicha, Xitoyning “China Huaneng Group” kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Hindistonning “Adani Group” kompaniyasi bilan qo‘shma ishchi guruh tashkil etish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. “Koncar” va “In Foro Viridi” kompaniyalari bilan kichik va o‘rta gidroelektr stansiyalarini barpo etish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Afg‘oniston tomoni bilan gidroenergetika uskunalarini yetkazib berish va loyihalash bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari kelishib olindi.
– Jahon banki guruhi bilan imtiyozli moliyalashtirishni jalb qilish, “MIGA” kafolatlaridan foydalanish hamda grant dasturlarida ishtirok etish bo‘yicha hamkorligimizni yanada kengaytirishga kelishdik. Bu biz uchun juda muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib, kelgusida yirik loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.
“77 Construction USA Corp.” bilan “EPC+F” va davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildik va bu yo‘nalishda aniq amaliy imkoniyatlar bo‘yicha fikr almashdik. “MUFG Bank” va “AKA Bank” bilan esa yirik loyihalarni uzoq muddatli moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha batafsil muzokaralar olib bordik.
Aytish joizki, mazkur forum kompaniyamiz uchun xalqaro hamkorlik geografiyasini sezilarli darajada kengaytirish, yangi investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy imkoniyatlarni ochib berdi.
Eng muhimi, biz bir qator yirik xalqaro sheriklar bilan aniq kelishuvlar va amaliy loyiha yo‘nalishlarini shakllantirishga erishdik, – deya ta’kidladi F.Nurullayev.
Xulosa qilib aytganda, mazkur forum natijalari “O‘zbekgidroenergo” AJning xalqaro hamkorlik salohiyatini yanada mustahkamlab, gidroenergetika sohasida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun muhim amaliy asos yaratdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA