O‘zbekcha Vikipediyaga 60 mingdan ortiq maqola kiritildi
Yoshlar ishlari agentligining “WikiMarafon” loyihasi doirasida tashkil etilgan “WikiSfera” yoshlar oromgohi yakunlandi.
O‘zbekcha Vikipediyadagi maqolalar sifatini oshirish, yoshlarning raqamli savodxonligini kuchaytirish hamda internet tarmog‘ida o‘zbek tilidagi kontentni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan oromgohda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar soni 4 ming 200 nafardan oshgan. Saralash bosqichlari yakunida respublikaning turli hududlaridan 120 nafar faol yosh tanlab olinib, ular uchun Vikipediya platformasi bilan ishlash, maqola yaratish va tahrirlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

– Har bir yosh o‘z iste’dodini topshirgan hujjatlarda to‘liq namoyish etib bera olgan, – dedi loyiha koordinatori Mahmuda Bozorova. – Biz bunga ular tomonidan yozilgan esselarda, erishgan sertifikatlariga qarab amin bo‘ldik. Bizni quvontirgan jihati, barcha ishtirokchilar bu jarayonga astoydil kirishdi.
“WikiSfera” doirasida ishtirokchilar nafaqat “WikiMashg‘ulot”larda qatnashdi, balki turli intellektual o‘yinlar, estafetalar, madaniy tadbirlar va jamoaviy faoliyatlarda ham ishtirok etdi. Bu esa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan birga, ularda jamoada ishlash va axborot madaniyatiga oid ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, oromgoh yakuniga qadar ishtirokchilar tomonidan o‘zbekcha Vikipediyaga 60 mingdan ortiq tahrir kiritilgan. Natijada platformadagi umumiy tahrirlar soni 6 million 100 mingdan oshdi.

Oromgoh yakunida faol qatnashib, o‘zining bilim va iste’dodini namoyon qilgan bir guruh yoshlar maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandi. Jumladan, 10 nafar ishtirokchiga “Ibratfarzandlari” loyihasining maxsus vaucherlari topshirildi. Yana 10 nafar yosh esa “Mutolaa” loyihasining maxsus sovg‘alariga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, “UzChess” hamda “UstozAI” loyihalari tomonidan taqdim etilgan sovg‘alar 20 nafar oromgoh ishtirokchisiga topshirildi.
Bundan tashqari, “1000KITOB” loyihasi doirasida chop etilgan 100 dan ortiq kitob ham oromgoh davomida faollik ko‘rsatgan yoshlarga tarqatildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘zbekcha Vikipediyani rivojlantirish — internet tarmog‘ida davlat tilidagi ishonchli va ochiq ma’lumotlar hajmini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida o‘zbek tilining xalqaro raqamli makondagi mavqeini mustahkamlashga yordam beradi.
Ayni paytda o‘zbekcha Vikipediyada 340 mingdan ortiq maqola mavjud bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich bilan u dunyo vikireytingida 38 o‘rinni egallab turibdi. Shuningdek, o‘zbekcha Vikipediya turkiy tilli vikipediyalar orasida uchinchi, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida esa birinchi o‘rinda qayd etilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA