O‘zbek yozuvchisi - Nobel mukofoti nomzodlari ro‘yxatida
O‘zbekistonlik yozuvchi Hamid Ismoilov Nobel mukofotining adabiyot bo‘yicha nomzodlari ro‘yxatiga kiritildi.
Nobel mukofotining o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, adabiyot bo‘yicha nomzodlar va ularni ko‘rsatgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar 50 yil davomida sir saqlanadi. Nobel mukofoti rasmiy bazasida ko‘rsatilganidek, yangi nomzodlar haqidagi ma’lumotlar faqat muddat o‘tgandan so‘nggina ma’lum bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Hamid Ismoilov o‘zbek va rus tillarida ijod qiladi. Uning asarlari ingliz, turk, nemis va fransuz tillariga tarjima qilingan. 2019-yilda yozuvchi “Jinlar bazmi” romani uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining adabiyot bo‘yicha mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning “We Computers” asari ham mazkur mukofot ro‘yxatiga kiritilgan.
Mashhur shoir, yozuvchi va jurnalist 1954-yil 5-mayda Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida tavallud topgan. Hamid Ismoilov harbiy aloqa bilim yurtini, keyinchalik Toshkent davlat universitetining biologiya, yuridik va menedjment fakultetlarini tugatgan.
1992-yildan buyon yozuvchi Londonda istiqomat qiladi. 2006-yilda uning “Temir yo‘l” romani mashhur yozuvchi Robert Chandler tomonidan ingliz tiliga tarjima qilinib, Londonda nashr etildi. Shoirning she’rlari Ingeborg Baldauf va Zigrid Klyaynmixel tomonidan nemis tiliga tarjima qilindi.
Bu yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti 8-oktabr, payshanba kuni Stokgolmda e’lon qilinadi. G‘olib 12 million shved kroni – taxminan 1,2 million dollarlik mukofot puli bilan taqdirlanadi. Taqdirlash marosimi 10-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Orash Akaboyev, O‘zA