O‘zbek – tojik xalqlarining maqsadlari mushtarak
O‘zbek va tojik xalqlarini umumiy tarix, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va ishonch, o‘xshash an’analar birlashtirib turadi.
Bu ikki xalq azaldan bir daryodan suv ichgan, qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langan. Bu birodar ikki elning yaqinligiga ulug‘ mutafakkirlar Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy hazratlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik poydevor vazifasini o‘taydi. bugungi kunda Namangan viloyatida tojik millatiga mansub 300 mingdan ziyod fuqarolar "O‘zbekiston umumiy uyimiz" tamoyili asosida boshqa millat vakillari bilan totuvlikda umrguzaronlik qilib, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va ahillik muhitini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgani biz, tojik vatandoshlarni ham quvontirdi, – deydi viloyat Tojik milliy madaniyat markazi raisining o‘rinbosari, “Namangan haqiqati” gazetasi muxbiri Shohida Daminova. – Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2019 yil 15 noyabrdagi “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi doirasida ko‘pmillatli viloyatimizda amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar e’tiborga molik.

Xususan, Davlatobod tumanida ikki qavatli zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan “Do‘stlik” uyida viloyatdagi to‘rtta milliy madaniyat markazlar qatorida Tojik milliy madaniyat markazi ham samarali faoliyat yuritmoqda. Markaz qoshida O‘zbekiston xalq artisti Matluba Dadaboyevaning onasi xotirasiga atab, “Xayriniso momo” folklor etnografik ansambli tashkil etilgan. Uning a’zolari viloyatda o‘tkazib kelinadigan turli bayram tadbirlari va do‘stlik festivallarida faol ishtirok etib keladi. Joriy yil avvalida, viloyat hokimi tashabbusi bilan tojik milliy madaniyat markaziga mahalliy byudjetdan 50 million so‘m ajratildi. Bu mablag‘ni markaz faoliyatini rivojlantirish, unut bo‘lib borayotgan qadriyatlarimizni tiklash, chekka hududlardagi mahalla va maktablarda ommaviy tadbirlar o‘tkazish, ehtiyojmand va ko‘p bolali oilalarga yordam ko‘rsatish, Pop, Chust va Kosonsoy tumanlaridagi tojik tilida o‘qitiladigan ta’lim muassasalariga darslik va adabiyotlarni yetkazishdek xayrli ishlarga sarflayapmiz.
Namangan viloyati Tojik milliy madaniyat markazi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi “Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat grantlari ajratish tanlovlarida ham faol ishtirok etmoqda. Navbatdagi tanlov uchun bugungi muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlar qamrab olingan “Fuqarolik, millatlararo bag‘rikenglik va tinchlik hamda totuvlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan festivallar, forumlar, tanlovlar, uchrashuvlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish” mavzusida loyiha taqdim etilgan edi. Natijada 40 million so‘m miqdorida grant mablag‘iga sazovor bo‘ldi.

2023 yilning yanvar oyiga qadar 10 oy davomida moliyalashtirilgan ushbu grant mablag‘i hisobidan “Millatlar ko‘p, Vatan bir, O‘zbekiston – keng bag‘ir” ezgu g‘oyasi asosida xayrli ishlar, amaliy tadbirlar tashkil etib boriladi.
– Grant doirasida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida do‘stlik festivalini o‘tkazdik, – deydi Mavluda Oripova. – Bunday tadbirlar farzandlarimiz, nevaralarimizni ahillikka, birdamlikka va bu kunlarning qadriga yetib, chuqur bilim olib, halol mehnatlari bilan Vatanga, xalqqa xizmat qilishga undaydi. Ayni paytda Kosonsoy, Chust va Pop tumanlari hokimliklarining ijtimoiy-siyosiy gazetalarida tojik tilidagi ma’lumotlar uchun sahifalar ajratilgan. Viloyatda istiqomat qilayotgan tojik milliy madaniyat markazining o‘nlab faollari mehnatlari, fidoyiliklari bilan davlatimizning yuksak mukofotlari – unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan.

Chustlik tadbirkor Tojiali Rajabov tuz ishlab chiqarish korxonasi va xususiy shifoxona barpo qilib, yuzlab fuqarolar bandligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Poplik tadbirkorlar Abbosxon Polvonov, Naimxon Abdurahimov va Dilshod To‘raxo‘jayev istiqbolli loyihalari bilan hududda turizm salohiyatini oshirishda alohida tashabbus ko‘rsatmoqda.

– Tadbirkorlikka qo‘l urib, xalqimiz va yurtimizga nafim tegayotganidan xursandman, – deydi Abbosxon Polvonov. – Chodakni turizm qishlog‘iga aylantirish borasida amaliy ishlar boshlangach, xonadonimizni “Oilaviy mehmon uyi” ga aylantirdik. “Nest one billur” mas’uliyati cheklangan jamiyati tarkibida tikuv sexi tashkil etib, ayni paytda “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi 40 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minladim. 20 turdan ortiq ayollar, erkaklar va bolalar kiyimlarini Rossiyaga eksport qilyapmiz. 27 yoshimda hamqishloqlarim menga ishonch bildirib, deputatlikka sayladi. Bu ishonch ortida katta mas’uliyat borligini his qilgan holda ish olib boryapman. Turizm va madaniy meros vazirining Chodakdagi vakili bo‘lish ham anchagina mas’uliyatli. Prezidentimiz tomonidan “Kelajak bunyodkori” medali bilan rag‘batlantirilganim meni yanada ko‘proq ishlashga undaydi.

Ko‘pmillatli bag‘rikeng yurtimizda tojik millatiga mansub fuqarolar o‘z tili, madaniyati, an’ana va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish bilan birga, jamiyatda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash borasida chin yurakdan xizmat qilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA