O‘zbek tilshunosligining Samarqand maktabi asoschisi
9 may – Xotira va qadrlash kuni
Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining vorisi hisoblanadigan Samarqand davlat universiteti olti asrlik faoliyati davomida chin ma’noda ilmu ma’rifat beshigi vazifasini o‘tab kelmoqda. Bu qutlug‘ dargohda shakllangan ilmiy maktablar, ulardan yetishib chiqqan fan-ta’lim darg‘alari mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va madaniy-ma’rifiy taraqqayotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ular orasida ko‘plab davlat va jamoat arboblari, adabiyot va san’at namoyandalari, madaniyat va ta’lim jonkuyarlari bor.
Samarqand davlat universiteti professori marhum Ulug‘ Tursunov butun umrini tilshunos, filolog kadrlar tayyorlash, o‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolarini o‘rganish, tahlil qilishga bag‘ishlagan edi. Domla tom ma’noda o‘zbek tilshunosligining Samarqand maktabi asoschisi sifatida tan olinadi.
Ulug‘ Tursunov 1905 yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Dastlab Farg‘onadagi pedagogika bilim yurtida tahsil olib, Marg‘ilon shahri maktablarida, so‘ngra Qo‘qon shahrida bolalar uyida ishlagan.
Yosh izlanuvchi 1930 yilda Sankt-Peterburg sharqshunoslik institutini tamomlagandan so‘ng, Samarqand davlat universitetida o‘qituvchilik qilgan.
Ulug‘ Tursunov 1941-1946 yillarda Ikkinchi jahon urushida ishtirok etadi. Uning ko‘ksini bir qator jangovar orden va medallar bezab turar edi. Urushdan qaytgandan so‘ng to umrining oxirigacha – 1971 yilgacha Samarqand davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri lavozimida ishlaydi.
Ilmiy-pedagogik faoliyatini uyg‘unlikda olib borgan olim o‘zbek tili fonetikasi, grammatikasi, terminologiyasi, leksikologiyasi, dialektologiyasi va frazeologiyasining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan 200 ga yaqin tadqiqotlar yaratdi. Ulug‘ Tursunov «Hozirgi zamon o‘zbek tili» (1960, 1965, 1992), «O‘zbek adabiy tili tarixi» (1982, 1995) darsliklari hammuallifidir. Domlaning ilmiy merosi mana oradan shuncha yil o‘tishiga qaramasdan, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari filologiya fakultetlari talabalari hamda yosh tilshunos olimlar uchun darslik vazifasini o‘tab kelmoqda.
Ulug‘ Tursunovning tarixiy xizmatlaridan biri, u 40 dan ortiq yosh olimning nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qildi. Domlaning shogirdlari orasida O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Rahmatulla Qo‘ng‘urov, o‘zbek tilshunosligiga oid ko‘plab darsliklar, tadqiqotlar, o‘quv qo‘llanmalar mualliflari, professorlar Bozorboy O‘rinboyev, Abdujabbor Muxtorov, Vahob Egamov, Nazar Rajabovlar bor.
Ulug‘ Tursunov maktabida tarbiyalanganlar orasida akademiklar, fan arboblari, xizmat ko‘rsatgan ta’lim, madaniyat va san’at xodimlari, taniqli shoir va yozuvchilar, olim va jurnalistlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Ustoz boshlagan xayrli ishlar bugungi kunda ham Samarqand tilshunoslik maktabi vakillari tomonidan davom ettirilmoqda. Domlaning o‘zbek tilshunosligi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan xizmatlari hisobga olinib, Samarqand shahridagi ko‘chalardan biriga Ulug‘ Tursunov nomi qo‘yilgan. Shuningdek, Samarqand davlat universitetida Ulug‘ Tursunov ilmiy merosini o‘rganish, tadqiq etish yuzasidan xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazish an’ana tusini olgan.
Ulug‘ Tursunov dafn etilgan Shohi Zinda qabristoniga xotira kunlari, olim tug‘ilgan va vafot etgan sanalarda SamDU filologiya fakulteti domlalari tashrif buyurib, ustoz xotirasini yod etishadi. Bu an’ana ham bizga ustozlarimizdan meros bo‘lib qolgan.
Azamat PARDAEV,
Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti dekani, professor