O‘zbek tili o‘zbekona tafakkur tili bo‘lishi uchun...
Mulohaza
Qizim bu yil maktabga chiqdi. Bog‘chada o‘zbek va rus tili aralash bo‘lgan guruhda tarbiyalandi. Maktab yoshiga yetib, bog‘cha bilan xayrlashish vaqti kelganda ko‘pgina guruhdosh bolalarning onalari bilan suhbatlashganimda, ularning aksariyati bolasini rus tili sinfiga berishlarini aytdi.
Bizning oilamizda ham “o‘zbekkami, rusgami” degan tanlovni muhokama qilish boshlandi. Bir xayolim “rus sinfga beraveramiz, til o‘rganadi, shahar joyda rus tiliga no‘noq bo‘lib qolmasin”, deydi. Bir xayolim esa “ilk saboqni o‘z ona tilida, mazmun-mohiyatni to‘la anglagan holda, ich-ichidan tafakkur qilgan holda olgani yaxshi, o‘zbek sinfga ber”, deydi.
Xullas, bu ikkilanish vajidan ko‘plab tanishlar bilan gaplashdim, maslahatlashdim. Ayrimlar o‘zbek sinfini ma’qullasa, ko‘pchilik rus sinfida tahsil olishi foydaliroq bo‘lishini maslahat berishdi. Qizig‘i, ziyoli, ilm-ma’rifatli qatlam bo‘lgan aksariyat tanishlarim ruscha ta’lim olishni to‘la qo‘llab-quvvatlashini, o‘zlarining bolalari ham bog‘chadan boshlab maktabu oliy ta’limgacha rus tilida o‘qiyotganini aytishdi. Va menga ham hech ikkilanmasdan ruscha ta’limni tanlashni qat’iy maslahat berishdi.
Axiyri, biz ota-ona va o‘zbek sinfida tahsil olayotgan opasi maslahatlashib, bu ikkilanishga nuqta qo‘ydik: qizim o‘zbek sinfiga boradi!
Chunki qizimni o‘zbekcha, milliy ruhda ta’lim-tarbiya olishini, o‘zbekcha fikrlashi va tafakkur qilishini, o‘zbekona mentalitetda ulg‘ayishini xohladik. Til bilishi, xorijiy tillarni o‘rganishi, albatta, zarur — bu alohida masala. Ammo ilk saboqni o‘z ona tilida olsin, tabiat-olamni, borliqni, mavjudotlarni, Vatanni o‘z tilida tushunsin, darsliklarni o‘z tilida o‘rgansin, tafakkur qilishi o‘z tilida bo‘lsin, fikrlay olish qobiliyati, avvalo, o‘z ona tilida shakllansin, dedik.
Afsuski, bugun ko‘pgina ota-onalar bolasini til o‘rganishi vajidan xorijiy tillarda ta’lim-tarbiya olishini xohlashmoqda. Buning uchun oilada ham ko‘proq xorijiy tillarda muloqot qilishga ahamiyat qaratishmoqda, televizor yoki Internet tarmoqlaridan ham xorijiy tillardagi multfilm yoki kontentlarni qo‘yib berishadi. Oqibatda ayrim bolalar muloqot davomida o‘zbek tilidagi oddiy so‘zlarni ham ayta olmay, mohiyatini tushunolmay qolyapti, o‘zbekcha fikrlashga qiynalib qolishyapti.
To‘g‘ri, qancha ko‘p til bilsa, shuncha yaxshi, imkoniyat shuncha kengayadi. Til bilgan — el biladi, deyishadi. Xorijiy tillarni puxta o‘rganish insonni kamolotga yetaklaydi, xorijiy tillardagi adabiyotlardan, kontentlardan keng foydalanish bilimni mustahkamlaydi, fikrlash va tahlil qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ammo bolalarimiz, avvalo, oiladan boshlab ona tilida muloqot qilishni o‘rganishi, dastlabki savodini o‘z tilida chiqarishi — millat ruhi o‘laroq ona tilimizni saqlab qolishda, asrab-avaylashda, kelajak avlodlarga borligicha yetkazishda dolzarb ahamiyatga ega.
Hozirda qizim o‘zbek tilida ta’lim olyapti va barcha darsliklaridagi mavzularni to‘liq tushunib, anglab o‘rganyapti. Rus tiliga yo‘naltirilgan sinf o‘qituvchisi bilan suhbatlashganimda, ko‘pchilik bolalar ona-onasining xohishi bilan shu sinfda o‘qiyotgani, ammo ayrimlari mavzularni tushunib-tushunmay o‘tirganini aytib, yozg‘irib qoldi. Bu holat esa juda achinarli.
Til millatning ruhi, milliy g‘ururi sifatida e’tirof etiladi. Ana shu milliy ruhiyat va g‘ururni asrab-avaylash esa ona tilimizga e’tibordan boshlanadi, unda so‘zlashish, muloqot qilish, fikrlashish, bilim olishdan boshlanadi. Shunday ekan, ulg‘ayayotgan jajji farzandlarimizning biyron “tili” o‘z ona tilida chiqishiga, milliy ruhiyat bilan tafakkur qilishiga o‘rgatmog‘imiz lozim, ta’lim-tarbiyani, avvalo, o‘z ona tilida olishiga jiddiy yondashmog‘imiz zarur.
Muhtarama Komilova, O‘zA