O‘zbek tili bayrami Navoiy huzuridan boshlandi
Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida O‘zbek tili bayrami munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat va shahar hokimligi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchi va shoirlar, viloyatdagi milliy madaniyat markazlari rahbarlari, ta’lim muassasalari o‘qituvchi va o‘quvchilari, talabalar ishtirok etdi.
Samarqand viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali Temirov, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati Farmon Toshev tadbir qatnashchilarini o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 37 yilligi bilan tabrikladi. Mamlakatimizda davlat tilining nufuzini oshirish, ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘qitish borasida olib borilayotgan ishlar, ona tilimizni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish jarayonlariga e’tibor qaratildi.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Markaziy Osiyo xalqlari tili va madaniyati instituti professori, filologiya fanlari doktori Azamat Pardayev o‘zbek tilining dunyo tillari orasida tutgan o‘rni, ona tilimizning lug‘at boyligi va jozibadorligi haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, ijodkorlar, talabalar, turli millatga mansub yoshlar o‘zbek tili haqida she’rlar o‘qidi, o‘z fikrlarini bildirdi.
– Men Eron Islom Respublikasi fuqarosiman va 2021-yildan buyon oilamiz bilan Samarqand shahrida yashaymiz, – deydi Mastone Husayniy. – Bolaligimdan turli tillarni, jumladan, o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqqanman va bugun bu tilda erkin so‘zlasha olaman. Maktab davridanoq bu tildagi asarlarni o‘qiganman va shuning uchun bu yil Samarqand davlat chet tillar institutiga o‘qishga kirdim. O‘zbek tili juda chiroyli va lug‘at tarkibi boy til.
Tadbirda bog‘ markazidagi hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga Samarqand viloyati va shahar hokimliklari, ijodiy uyushmalar va ta’lim muassasalari tomonidan gullar qo‘yildi.
O‘zbek tili bayrami munosabati bilan viloyatdagi ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, madaniyat maskanlarida ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlar, anjuman va davra suhbatlari, ko‘rgazmalar tashkil etildi. Viloyat musiqali drama teatrida konsert dasturi namoyish etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari