O‘zbek sportining 35 yil davomidagi olamshumul muvaffaqiyatlari
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillarda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishda, jonajon vatanimizning borligini dunyoga baralla tanitishda jahon va qit’a chempionatlaridagi shiddatli bahslarda sportchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan g‘alabalar muhim ahamiyat kasb etdi.
Yillar sarhisobiga e’tibor qaratsak, 1991-yil sentabrdan mustaqil O‘zbekiston nomi xalqaro sport maydonlarida, anjumanlarda yangray boshladi.
1.1991-yil 17-sentabrda xalq o‘yini bo‘lib kelgan milliy qadriyatimiz kurashning o‘zbekona so‘zlardan iborat sport qonun-qoidasi, terminologiyasi ishlab chiqilib, Yevropa va Osiyo mamlakatlarida keng targ‘ib etildi.
2.1992-yil 21-yanvar kuni o‘zbek sporti tarixidagi muhim voqeliklardan biri - O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashkil etilib, 1993-yilning sentabr oyida Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 101-sessiyasida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olindi.
3.1993-yil 18-martida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ilk bor futbolni rivojlantirish to‘g‘risidagi tarixiy qarori qabul qilingan.
4.1994-yilning oktabr oyida O‘zbekiston sport delegatsiyasi ilk bor Yaponiyaning Xirosima shahrida o‘tgan XII Osiyo o‘yinlarida qatnashib, 11 ta oltin, 12 ta kumush va 19 ta bronza (jami 42 ta) medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egalladi.
5.Aynan Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarining final bellashuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Xitoy terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratib, “kichik olimpiada” g‘olibiga aylangan edi.
6.1994-yil Norvegiyaning Lillexammer shahrida o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik fristaylchi Lina Cheryazova oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu, O‘zbekiston tarixida qishki Olimpiada o‘yinlaridagi ilk va hozircha yagona oltin medal hisoblanadi.
7.1995-yil 1-8-oktabr kunlari poytaxtimiz Toshkentda ilk bor boks bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazildi. Qit’aning 20 tadan ziyod davlatidan bokschilar qatnashgan chempionatda O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan.
8.1996-yili AQSHning Atlanta shahrida o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekistonning 71 nafar sportchisi 12 ta sport turida vatanimiz sharafini himoya qilib, 1 ta kumush va 1 ta bronza medallariga ega chiqqan edi. Dzyudochimiz Armen Bogdasarov kumush, bokschimiz Karim To‘laganov bronza medaliga sazovor bo‘lgan.
9.1996-yil 1-sentabrda Toshkentda Xalqaro olimpiada qo‘mitasining o‘sha paytdagi prezidenti Xuan Antoni Samaranch ishtirokida “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyi tantanali ochildi.
10.1997-yil futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 1998-yilgi Jahon chempionati saralash bosqichidagi ilk o‘yinlarida maydonga tushdi.
11.1998-yil Tailandning Bangkok shahrida o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekistonning 168 nafar sportchisi 21 sport turida ishtirok etib, 6 ta oltin, 23 ta kumush va 15 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.
12.1999-yilning may oyida Toshkentda milliy sportimiz kurash bo‘yicha 1-jahon chempionati o‘tkazilib, musobaqalar doirasida 28 ta davlat delegatlari tashabbusi bilan Xalqaro kurash assotsiatsiyasiga asos solindi.

13.2000-yil Avstraliyaning Sidney shahrida o‘tgan XXVII yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga egalik qilgan holda umumjamoa hisobida 199 davlat orasida 43-o‘rinni egalladi. Bokschimiz Muhammadqodir Abdullayev Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor yozgi Olimpiadaning oltin medalini qo‘lga kiritdi.
14.2004-yil Liviyada shaxmat bo‘yicha o‘tgan jahon chempionatida Rustam Qosimjonov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
15.2004-yili Gretsiyada o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari 2 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
16.2007-yilning 14-aprelida Germaniyada o‘tgan professional boks oqshomida bokschimiz Ruslan Chagayev rossiyalik Nikolay Valuyevni mag‘lub etib, WBA chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.
17.2011-yili Meksikada o‘tgan jahon chempionatida futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi chorak finalgacha borib, dunyoning eng kuchli 8 ta terma jamoasidan biri bo‘ldi.
18.2012-yilning oktabrida futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Eronda o‘tgan Osiyo chempionati finalida Yaponiya terma jamoasini mag‘lub etib, qit’a chempioni degan sharafli nomga ega chiqdi.
19.2012-yilda Toshkentda “Bunyodkor” stadioni foydalanishga topshirildi.
20.2015-yilning bahorida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi binosi qurib, foydalanishga topshirildi.

21."Rio-2016” Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari umumiy hisobda 13 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bokschilarimiz ushbu Olimpiadada 7 ta sovrinli o‘rin bilan umumjamoada 1-o‘rinni egalladi. Mazkur olimpiadada Hasanboy Do‘stmatov “Rio-2016”ning eng yaxshi bokschisi deb topildi.
22.Og‘ir atletikachimiz Ruslan Nuriddinov Olimpiada oltin medali bilan birga Olimpiada rekordini o‘rnatdi.
23.2017-yilning 23-aprel kuni O‘zbekiston tarixida birinchi marta ixtisoslashtirilgan futbol telekanali — "Futbol TV" ishga tushirildi.
24.2017-yil O‘zbekiston boks federatsiyasi Osiyoda yilning eng yaxshi milliy boks federatsiyasi deb topildi.
25.2018-yil Argentinada o‘tgan III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 206 mamlakat orasida 16 ta medallar shodasiga ega chiqib, 13-o‘rinni egalladi.
26.2018-yil 18-avgust - 2-sentabr kunlari Jakartada (Indoneziya) o‘tgan 18-yozgi Osiyo o‘yinlarida milliy sportimiz kurash musobaqalari o‘tkazildi.
27.2018-yil Indoneziyada o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
28.2019-yil davomida O‘zbekistonda 20 ga yaqin xalqaro musobaqalar tashkil etildi.
29.2021-yil Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tgan 32-yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari 2 ta oltin, 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

30.2022-yil Hindistonda o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidovdan iborat O‘zbekiston terma jamoasi oltin medallarga sazovor bo‘ldi.
31.2023-yil Xitoyda o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida mamlakatimizning 71 nafar sportchisi 20 ta sport turida 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi va umumjamoada 5-o‘rinni egalladi.

32.2024-yil Parijda o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan 206 mamlakat orasida 13-o‘ringa ko‘tarildi.
33.2025-yili Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri mezbonlik qilgan yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoada 1-o‘rinni egalladi.
34.2025-yil O‘zbekiston futboli uchun yuksalish yili bo‘ldi. Mamlakatimizning barcha yoshdagi terma jamoalari va futbolchilari xalqaro maydonda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Milliy terma jamoamiz Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

35.2025-yildan poytaxtimizda “Olimpiya shaharchasi” ish boshlagani, mamlakatimizda “Prezident olimpiadasi” kompleks sport musobaqalari yo‘lga qo‘yilgani yangi O‘zbekiston sportining mustahkam rivojlanish maydoni yaratilishiga olib keldi.
Umuman olganda mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligidagi yutuqlarimiz 35 ta emas, balki 350 ta, kerak bo‘lsa 3 ming 500 ta desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Zero, sport ta’limi, milliy o‘yinlarimizning sport turiga aylantirilishi, xalqaro sport tashkilotlari ijroiya qo‘mitalarida o‘zbekistonlik mutaxassislarning o‘rin egallayotgani, nufuzli sport tashkilotlari rahbarlarining yurtimizga keyingi yillarda qayta-qayta tashrif buyurayotgani, yurtimizda yirik sport musobaqalari, anjuman va konferensiyalari tashkil etilayotgani, shijoatli sportchilarimizning jahon va qit’a chempionatlarida yangi-yangi rekordlarni qayd etayotgani o‘zbek sportining tarixiy g‘alabalari, olamshumul natijalari bardavom ekanining amaliy ifodasidir.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA