O‘zbek qo‘shiqchilik san’ati qay ahvolda?
O‘zbek san’atining oltin merosi asrlarga tatiydi. Uni avloddan-avlodga sof holda yetkazish esa albatta fidoyilik talab qiladi. O‘zA muxbiri O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov bilan shu kabi masalalar — o‘z ustida ishlamayotgan bastakorlar, saviyasi past, arzon qo‘shiqlar yaratilishining sabablari xususida suhbatlashdi.
— Bugun yurtimizda yosh san’atkorlar ijod qilishi uchun imkoniyatlar yetarlimi?
— O‘zbekistonda yashayotgan san’atkorlarga ijod qilishi, milliy san’atimizni rivojlantirib, o‘z ustida ishlashlari uchun juda katta imkoniyatlar yaratilgan. Misol uchun, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, maqom ansambllari uchun esa ko‘plab turli markazlar ochildi.
— Yosh san’atkorlar mana shunday imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishyaptimi?
— Afsuski, ayrim yoshlarimiz bunday imkoniyatlardan foydalanishmayapti. Birinchidan, maqomni, klassikani, mumtoz qo‘shiqlarni eshitmayapti. O‘zbek simfoniyasi, baxshichilik yo‘llarini emas, turk, afg‘on, rus qo‘shiqlarini, Maykl Jekson, Alla Pugacheva kabi qo‘shiqchilarni eshitib, ritmini o‘rganib olib, musiqasiga o‘zbekcha so‘z qo‘yib aytyapti. Bunday ashulachilar cho‘ntagini “mashhur” qilish uchun ishlayapti.
— Juda ko‘p xalqlarning millat ruhini ko‘taradigan, vatanparvarlik tuyg‘usini jo‘sh urdiradigan, butun xalq jo‘r bo‘lib aytadigan ommaviy qo‘shiqlari bor. Bizda qaysi san’atkorlarning qo‘shiqlarini retro qo‘shiqlar bo‘lgan deb ayta olasiz?
— El ardog‘idagi mashhur san’atkor, bulbul nafas hofiz Tavakkal Qodirov ijro etgan “Fasli navbahor”, “O‘xshaydiku” qo‘shiqlari haligacha xalqimiz tilidan tushmaydi. O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev 50 yildan ziyod ijodi davomida 600 ga yaqin qo‘shiq yaratdi. Uning “O‘zbegim”, “Sohibqiron”, “Karvon”, “Birinchi muhabbatim”, “Do‘st bo‘lsang, yonimda tur” kabi ashulalari xalq qo‘shiqlariga aylanib ketgan. G‘ulomjon Yoqubovning “Dilorom”, “Majnuntol”, “O‘ylasam”, “Sening kulishlaring”, Kamoliddin Rahimovning “Nargiz”, “Yalla” ansamblini “Choyxona”, qo‘shiqlari, Yulduz Usmonovaning “Hamroz”, Ozodbek Nazarbekovning vatan haqidagi qo‘shiqlari juda mashhur.
— Bugungi kunda butun xalq sevib ijro etadigan retro qo‘shiqlar yaratilmayotganining sababi nimada?
— Hozirgi kunda retro qo‘shiqlar yaratilmayotganining sababi yosh san’atkorlar maqom eshitmayapti. Ularning quloqlari maqom bilan “pishmayap”ti. Saodat Qobulova, Kommuna Ismoilova, Orif hoji Alimaxsumov, Habiba Oxunova, Tavakkal Qodirov, Komiljon Otaniyozovlar kim bo‘lganini ayrim yosh qo‘shiqchilar bilmaydi. Mana shu insonlarning qo‘shiqlarini eshitib, ijod qilgan san’atkorlarning ijodi umrboqiy, o‘zining nomi esa mashhur bo‘ladi.
— Qaysi ashulachilarning ijodini eslashga munosib deb baholaysiz?
— San’atda nomini oqlab, nonini esa halollab yeb yurgan san’atkorlar ham yo‘q emas. Yosh bo‘lsada, o‘z ustida ishlayotganlari ham bor. Ammo ular juda kam. Ko‘payishi tarafdoriman. Tanqidlarimizdan o‘rinli foydalanishsin. O‘zlariga xulosa chiqarishsin.
— Yurtimizda ko‘plab bastakorlar bor. Ularning ijodini qanday baholaysiz?
— Ba’zi bastakorlarimizning san’atida fundament yo‘q. Musiqa tarixini bilishmaydi. Tarixni yaxshi bilmay turib ijod qilgandan keyin chala-chulpa qo‘shiqlar yaratilaveradi, yoshlar eshitaveradi. Ayrim bastakorlar Maqom, Cho‘li Iroq, Munojot, Chorgoh, Girya nimaligini bilishmaydi, eng achinarlisi, bilishni ham istashmaydi.
— Yosh ijodkorlarga san’atimiz rivoji yo‘lida qanday yo‘l ko‘rsatgan bo‘lardingiz?
— Ular avvalo o‘zbek qo‘shiqchilik san’ati tarixini o‘rganishi, ustoz san’atkorlarning duosini olishlari kerak. Hozirgi yangi chiqqan qo‘shiqchilarning ko‘plab shogirdlarim bor, degan so‘zlarini eshitib, hayratga tushaman. Axir o‘zi hali biror narsani qoyillatmagan bo‘lsa, qanday qilib uning shogirdlari bo‘ladi? San’atkor ustoz degan maqomga erishishi uchun 40-50 ta qo‘shig‘i bo‘lishi va uning qo‘shiqlarini shogirdlari aytishi kerak.
— Avvalgi qo‘shiqlar auditoriya tanlamagan. Nima uchun bugungi muhabbat haqida kuylangan qo‘shiqlarni hamma ham eshita olmaydi?
— Xayrullo Lutfullayev aytgan "Men sevaman, sen sevasanmi?" qo‘shig‘ini olaylik. Bu qo‘shiqni hozirgi yoshlar ham, kattalar ham eshitadi. Nima uchun? Chunki so‘zni yozgan shoirni adabiyotdan xabari bor. O‘zidan oldin o‘tgan shoirlarning ijodini o‘qigan, o‘rgangan. She’rning mazmuni yo‘q bo‘lsa, kuy ham, eshituvchi ham shunga mos bo‘ladi.
— Bir paytlar badiiy kengashda ishlagansiz. Sayoz qo‘shiq kengashdan o‘tmasdi. Hozir ahvol qanday?
— Hozir unday kengashlar yo‘q.
— Yangi O‘zbekiston uchun yangi qo‘shiqlar kerakmi?
— Albatta kerak. Har bir san’atkorning mashhur bo‘ladigan o‘z davri keladi. Niyatim bitta — bugungi davrning o‘z shoiri, bastakori va hofizi bo‘lsin. Prezidentimiz olib borayotgan siyosatning tub zaminida ta’lim turgan ekan, jonli, odamning yuragiga yetib boradigan, ma’naviyatni ilgari suradigan ashulalar yaratilishiga ishonaman.
Nigora Rahmonova suhbatlashdi, O‘zA