O‘zbek olimlari Mo‘g‘ulistonda To‘nyuquq, Bilga xoqon va Kultegin bitiktoshlarini o‘rganmoqda
Turkiy xalqlarning ko‘p asrlik tarixi, madaniyati va davlatchilik an’analarini o‘rganishda qadimiy yozma yodgorliklar muhim manba hisoblanadi.
Ayniqsa, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston hududlarida saqlanib qolgan qadimgi turkiy bitiklar xalqlarning tarixi, tili, ma’naviy merosi va ijtimoiy-siyosiy hayoti haqida qimmatli ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan.
Bugungi kunda ana shunday noyob merosni tadqiq etish, uni ilmiy jihatdan o‘rganish hamda kelajak avlodlarga yetkazish muhim vazifalardan biriga aylangan.

Ayni kunlarda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti olimlarining Mo‘g‘ulistondagi ilmiy safari doirasida qadimiy turkiy yodgorliklar, arxeologik manbalar va tarixiy-ma’naviy merosni tadqiq etish yo‘lida muhim izlanishlar olib borilmoqda.
Mazkur ilmiy izlanishlar haqida universitet birinchi prorektori, professor Qudratulla Omonov ushbu mamlakatdan O‘zA muxbiriga xabar berdi:
–Turkiy xalqlarning ko‘p asrlik tarixi, madaniyati va davlatchilik an’analarini o‘rganishda qadimiy yozma yodgorliklar muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston hududlarida saqlanib qolgan qadimgi turkiy bitiktoshlar xalqlarning tarixi, tili, dunyoqarashi va ma’naviy merosini o‘rganishda muhim ilmiy manba hisoblanadi. Bunday tadqiqotlar nafaqat tarixiy haqiqatlarni tiklash, balki xalqlarning madaniy aloqalari, til taraqqiyoti va sivilizatsiya jarayonlarni chuqur tahlil qilish imkonini ham beradi.
Qadimiy turkiy yodgorliklarni ilmiy o‘rganishdan asosiy maqsad tarixiy manbalarni ilmiy muomalaga kiritish, turkiy yozma merosni saqlash, raqamlashtirish hamda kelgusi avlodlarga yetkazishdan iborat. Shu bilan birga, mazkur izlanishlar qadimgi turkiy til xususiyatlari, davlatchilik an’analari va xalqlarning tarixiy taraqqiyot bosqichlarini tadqiq etish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadqiqot avvalida Mo‘g‘uliston texnologiya va fan universiteti rektori Namnan Tumurpirev bilan ilmiy va o‘quv masalalari bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Shuningdek, qo‘shma ilmiy loyihalar va qo‘shma ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar tarix, arxeologiya, tilshunoslik va sharqshunoslik sohalarida tajriba almashish hamda akademik hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Bundan tashqari, universitet muzeyida saqlanayotgan Mo‘g‘uliston zaminidan topilgan arxeologik yodgorliklar bilan tanishildi. Universitet xorijiy tillar oliy maktabi professor-o‘qituvchilari uchun mahorat darslari ham tashkil etildi.
Delegatsiya Mo‘g‘ulistondagi Chingizxon muzeyida bo‘lib, xalqimizning qadimiy tarixi va madaniyatiga daxldor bo‘lgan manbalarni o‘rgandilar. Ushbu izlanishlar yozma merosimizni tadqiq etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lmoqda.
O‘rganishlar davomida hali ilmiy muomalaga kirmagan bitiklar va so‘nggi 20 yillikda Mo‘g‘uliston tuproqlaridan topilgan yangi topilmalar tahlil qilindi. Bu ma’lumotlar o‘zbek tilining qadimgi ildizlarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dala tadqiqoti doirasida olimlar To‘nyuquq bitiktoshi majmuasida ilmiy izlanishlar olib bordi.
To‘nyuquq Mo‘g‘ulistonning Bayn-Sokto hududidan topilgan bo‘lib, hozir ham o‘sha yerda saqlanadi. 712-716 yillarda yaratilgan mazkur bitiktosh ikkinchi Turk xoqonligining sarkardasi va davlat maslahatchisi To‘nyuquq sharafiga o‘rnatilgan ikki ulkan marmar yodgorlikdan iborat. Ushbu tarixiy manba turkiy xalqlar davlatchiligi, tarixi va madaniy taraqqiyotini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
VIII asrning birinchi yarmida yaratilgan qadimgi turkiy tildagi eng yirik yozma yodgorliklar – Bilga xoqon va Kultegin bitiktoshlari ustida kuzatuvlar olib borildi. Dastlabki kuzatuvlar mazkur bitiklar bilan bog‘liq bir necha yo‘nalishda yangi tadqiqotlar olib borish ehtiyoji mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Dala tadqiqotlarining navbatdagi manzillari Qorabolg‘asun arxeologik yodgorligi, Qoraqurum muzeyi va Erdene Zuu tarixiy ibodatxonasi bo‘ldi.
Qorabolg‘asun ilk o‘rta asrlarda Markaziy Osiyodagi yirik shaharsozlik markazlaridan biri hisoblanadi. Qorabolg‘asun bitiktoshlari ham aynan shu hududdan topilgan. Qoraqurum muzeyi Chingizxon saltanatining tarixini o‘zida mujassam etgan yirik arxeologik muzeylardan biri sanaladi.
Erdene Zuu esa Mo‘g‘ulistonning eng qadimiy va yirik tarixiy ibodatxonalaridan biridir.
E’tiborlisi, dala tadqiqotlari qadimgi yozma yodgorliklarni bevosita joyida o‘rganish hamda qadimgi turkiy bitiklarning raqamli bazasini shakllantirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa kelgusida turkiy yozma merosni chuqur tadqiq etish va uni xalqaro ilmiy maydonda keng targ‘ib qilish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA