O‘zbek olimining maqolasi Indoneziyada chop etildi
Indoneziyaning eng nufuzli nashrlaridan biri – “Kalimantan Post” gazetasining 2026-yil 7-iyuldagi sonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, falsafa fanlari doktori Baxtiyor Tursunovning “Moralitas, Fondasi Kesempurnaan Manusia di Tengah Arus Globalisasi” (“Axloq – globallashuv sharoitida inson kamolotining poydevori”) deb nomlangan ilmiy-ma’rifiy maqolasi chop etildi.
Unda muallif globallashuv jarayonlari kuchayib borayotgan bugungi kunda axloq, ma’naviyat va milliy qadriyatlarni asrab-avaylashning ahamiyatini ochib beradi. Inson kamolotining eng mustahkam asosi yuksak odob-axloq va go‘zal xulq ekanini ta’kidlab, jamiyat barqarorligi va taraqqiyoti aynan ma’naviy tarbiya bilan chambarchas bog‘liqligini ilmiy dalillar asosida tahlil qiladi.
Shuningdek, maqolada Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda axloq masalasiga berilgan yuksak e’tibor misollar bilan bayon etilgan. Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlar merosida inson tarbiyasi, ma’naviy yetuklik va komillik g‘oyalarining o‘rni va ahamiyati ochib berilgan.
B.Tursunov oila institutining tarbiyaviy ahamiyatiga ham alohida to‘xtalib, farzand ma’naviyatini shakllantirishda ota-ona, ta’lim muassasalari va jamiyatning hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini qayd etadi. Yoshlarni turli g‘oyaviy tahdidlardan muhofaza qilishni, ularda vatanparvarlik, bag‘rikenglik, halollik va mas’uliyat tuyg‘ularini qaror toptirishni bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri sifatida e’tirof etadi.
Mazkur maqolaning mashhur “Kalimantan Post” gazetasida e’lon qilinishi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi olimlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy va ma’rifiy tadqiqotlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri