O‘zbek kinosida ayol obrazi qanday aks etmoqda?
Bugungi kunda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan mamlakatimizda kechayotgan o‘zgarishlarga munosib hissa qo‘shayotgan ayol-qizlar siymosi aks ettirilgan ko‘plab badiiy barkamol kinokartinalar yaratilib, tomoshabinlarga taqdim etilmoqda. Ular turli xalqaro festival va tanlovlarda sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda havaskor kinochilar tomonidan yaratilgan ko‘plab milliy seriallar ham taqdim etilmoqda. Kelinlarning ba’zan betgachopar, ba’zan esa axloqan norasoligi, boylikka mukkasidan ketgani, qaynotaning shilqimligi, qaynonaning qildan qiyiq axtarishi, kuyovning esa har doimgidek befarq tomoshabinligi aksariyat ana shunday filmlarda ustuvor mavzu bo‘lib qolayotgani juda afsuslanarli holat.
Ijtimoiy tarmoqlardagi filmlarning afzalligi shundaki, ularni ko‘cha-ko‘yda, bekatda, avtobusda bemalol ko‘rish mumkin. Biroq, g‘oyaviy jihati, mazmuni, saviyasi, yumshoq aytganda, soha xodimlari oldida hali ko‘p vazifalar borligini anglatmoqda. Umuman olganda filmlarimiz, ayniqsa, ulardagi ayollar obrazi haqida yurtdoshlarimizning fikri qanday?
"Oila va gender" ilmiy-tadqiqot institutining so‘nggi tadqiqotlari o‘zbek kino va seriallarida ayol obrazining qanday namoyon bo‘layotganini yoritib berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, tomoshabinlar ushbu filmlar orqali eng ko‘p intiluvchan, siyosiy faol ayollarni (35,2%) va bilimli mutaxassislarni (31,2%) ko‘rishmoqda.
Shu bilan birga, an’anaviy obrazlar ham o‘z o‘rnini yo‘qotmagan. Har beshinchi respondent (20,2%) itoatkor, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan kelinlar obrazini ko‘rganini ta’kidlagan.
Diniy va axloqiy qadriyatlarga sodiq ayollar obrazi ham (15,7%) kinolarda o‘z aksini topgan.
So‘rov shuni ko‘rsatdiki, iqtisodiy faol ayollar, uy bekalari, ajrashgan yoki beva ayollar hamda oilasi va ishini muvaffaqiyatli birlashtirgan ayollar obrazlari nisbatan kamroq tomosha qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan ayollar va jabrlangan ayollar obrazlari esa eng kam tarqalgan.
Bu natijalar o‘zbek kinosi ayol obrazini turlicha namoyon etishga harakat qilayotganini ko‘rsatadi. Zamonaviy, faol ayollar bilan birga, an’anaviy obrazlar ham o‘z ahamiyatini saqlab qolgan.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri