O‘zbek jang san’ati: mamlakat kubogi musobaqasida 500 nafar yoshlar qatnashmoqda
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majmuasida o‘zbek jang san’ati bo‘yicha o‘tkazilayotgan O‘zbekiston kubogi musobaqasi 500 nafarga yaqin yoshlarni bir maydonda jamladi.
Mamlakatimizning 12 ta hududidan 7 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar ishtirok etayotgan O‘zbekiston kubogi bahslari barkamol avlod vakillari, ularning ota-onalari uchun chinakam sport bayrami ko‘rinishini oldi.

O‘zbekiston kubogining tantanali ochilish marosimida o‘zbek jang san’ati sport turining rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, yosh avlodni sportga jalb etishda fidokorlik ko‘rsatayotgan bir guruh soha faxriylariga “O‘zbek jang san’ati sport turiga qo‘shgan xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni topshirildi.

Yosh sportchilarning iqtidorini namoyon etish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda o‘zbek jang san’ati sport turini yanada ommalashtirishga qaratilgan O‘zbekiston kubogi musobaqalari davom etmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA