"O‘zatom" va "Rosatom" delegatsiyasi Forishdagi yirik loyiha bilan tanishdi
Jizzax viloyatining Forish tumanida atom elektr stansiyasi va uning xodimlari uchun mo‘ljallangan zamonaviy shaharcha barpo etish ishlari davom etmoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi hamda "Rosatom" davlat korporatsiyasi vakillari qurilish maydonlarida bo‘lib, loyihaning amalga oshirilishi bilan tanishdi.
Uchrashuvda atom elektr stansiyasini barpo etish bilan bir qatorda, bo‘lajak shaharchada qulay va zamonaviy yashash muhitini yaratish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Tomonlar qurilishning keyingi bosqichlari, infratuzilmani rivojlantirish va belgilangan vazifalarni muvofiqlashtirgan holda amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi.

Loyihaning muhim yo‘nalishlaridan biri esa atom elektr stansiyasi mutaxassislari va ularning oilalari uchun zamonaviy shahar muhitini yaratishdir. Qariyb 200 gektar maydonni egallaydigan shaharchada 33 mingga yaqin aholi yashashi uchun sharoit yaratish rejalashtirilgan. Buning uchun 10 mingga yaqin xonadon, maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalari, sport inshootlari va madaniy maskanlar barpo etiladi. Hududni ko‘kalamzorlashtirish va energiya tejamkor yechimlarni qo‘llash ham loyihaning muhim tarkibiy qismidir.
Delegatsiya vakillari atom elektr stansiyasi qurilishida xavfsizlik talablariga rioya etilishi, bajarilayotgan ishlar sifati va ekologik standartlarning ta’minlanishi bilan ham tanishdi. Ushbu talablarga amal qilish ob’ektning ishonchli va barqaror ishlashi uchun muhim ahamiyatga ega.

Ushbu infratuzilma ob’ektlari hududning transport va kommunal imkoniyatlarini kengaytirish, elektr energiyasi hamda suv ta’minotining ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA