O‘zaro ishonch va hamkorlik mustahkamlandi
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti rahbarlarining Samarqand sammiti tashkilotning butun faoliyati davomida eng ko‘p davlat rahbarlari ishtirok etgani, a’zo davlatlar hamkorligini yangi bosqichga ko‘targanligi bilan ham tarixiy ahamiyat kasb etdi.
Sammit o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘la to‘kis ado etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, sammit doirasida jami 44 ta hujjat — bitim, konsepsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi. Bu tashkilot faoliyati tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Barcha a’zo davlatlar uchun manfaatli bo‘lgan va o‘zaro birdamlikka asoslangan loyihalar, qabul qilingan hujjatlar iqtisodiy jihatdan yuqori darajada samara keltirishi, xalqaro hamkorlik ko‘lami kengayishiga to‘siq bo‘layotgan qator muammolarni hal etishga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir. Jumladan, ular orasida tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida transport va logistika aloqalarini rivojlantirish, shubhasiz, eng muhimlaridan biri bo‘ldi. Bu masala avvalgi yillarda ham kun tartibiga qo‘yilgan, lekin hozirga qadar dolzarbligini yo‘qotmagan edi. Ayniqsa, ulkan iqtisodiy va siyosiy ahamiyatga ega Xitoy va O‘zbekistonni Qirg‘iziston orqali temiryo‘l liniyasi bilan bog‘lash loyihasini sammit erishgan eng samarali natijalardan biri deyish mumkin.
Sammitda Eronga ishtirokchi davlat maqomining, Belarus davlatiga esa a’zo bo‘lish jarayonini boshlash imkonining berilganligi ham muhim voqelik bo‘ldi. Umuman, a’zo mamlakatlar xalqlari manfaati yo‘lida barqaror va mustahkam rivojlanish istagida bo‘lgan davlatlarni yanada jipslashtirishga, birlashtirishga qaratilgan tashqi siyosiy tuzilma sifatida xalqaro hamjamiyat o‘rtasida SHHTga ishonch ortib borayotganligini alohida e’tirof etish o‘rinlidir. Qolaversa, O‘zbekistonning turizm borasidagi tashabbusi samarasi o‘laroq, keyingi yil SHHT doirasida “Turizm yili”, deb e’lon qilindi. Bu hamkor davlatlar xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro madaniy va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga keng yo‘l ochib beradi.
Sammit SHHT dunyodagi geosiyosiy ziddiyatlarga aralashmaydigan, turli bloklarga qarshi yoki birga bo‘lmaydigan sof iqtisodiy-madaniy xalqaro tuzilma ekanligini yana bir bor isbotladi. Bundan tashqari, Xitoy hamda Eron davlat rahbarlarining davlat tashrifi doirasida memorandumlar imzolandi. Birgina Xitoy bilan qariyb 15 milliard dollarlik shartnomalar tuzilganligi yuqori natijadir. Eng muhim masalalardan yana biri – O‘zbekistonning dengizga chiqish loyihasi ham shu sammit doirasida muhokama etildi. Ushbu masalada aniq bir to‘xtamga kelinmagan bo‘lsa-da, bu borada kelgusida rejali ishlarni amalga oshirilishiga yo‘l ochib berdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Samarqand sammiti O‘zbekiston va boshqa a’zo davlatlar uchun foydali va manfaatli bo‘lgan hamkorlikni mustahkamlash, ko‘lamini kengaytirishga zamin yaratdi.
Akramjon Yuldashev,
Andijon davlat universiteti rektori, professor
O‘zA