Ozarbayjon Yevropa Kengashini tark etishi mumkin
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev mamlakat Yevropa Kengashi a’zoligidan to‘liq chiqish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, gap endi a’zolikni vaqtincha to‘xtatish emas, balki tashkilotni butunlay tark etish haqida ketmoqda.
Davlat rahbari bu qarorga Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi 2024-yilda Ozarbayjon delegatsiyasining ovoz berish huquqini to‘xtatgani sabab bo‘lganini ta’kidladi. Aliyev bu qarorni “adolatsiz” deb atab, delegatsiya huquqlari to‘liq tiklanmaguncha Boku tashkilot bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Kengashi bosh kotibi Alen Berse shaxsan murojaat qilib, Ozarbayjonni tashkilotda qolishga chaqirgan va munosabatlarni yaxshilash yo‘llarini izlashni taklif etgan. Aliyevning ta’kidlashicha, avval adolatsiz qaror qayta ko‘rib chiqilishi va xato tan olinishi lozim.
Shusha shahrida o‘tkazilgan “Global Media Forum” anjumanida so‘zga chiqqan Ozarbayjon yetakchisi Yaqin Sharqdagi vaziyatga ham to‘xtalib, mojarolar xalqaro huquq asosida va adolatli yo‘l bilan hal etilishi kerakligini qayd etdi. Uning fikricha, mintaqadagi barcha tomonlar keskinlikni kuchaytirish emas, balki munosabatlarni normallashtirish yo‘lini tanlashi zarur.
Musulmon Ziyo, O‘zA