Ozarbayjon va O‘zbekiston adliya sohasida faol hamkorlik qilishmoqda
Jahon matbuoti sahifalarida
AzerTADJ. Ozarbayjon adliya vaziri Fikret Mamedov mamlakatdagi O‘zbekiston elchisi Bahrom Ashrafxonov bilan uchrashdi. Unda adliya vaziri mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar rivojlanib borayotganidan mamnunligini bildirib, bu munosabatlarni mustahkamlashda prezidentlar Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyevning alohida o‘rni borligini ta’kidladi.
Uchrashuvda o‘tgan yili Toshkent xalqaro yuridik forumi doirasida ikki mamlakat adliya vazirliklari o‘rtasida Yangi hamkorlik dasturi imzolangani ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida ushbu Hamkorlik dasturini samarali amalga oshirish, jumladan ijobiy tajribani o‘rganishga doir chora-tadbirlar qayd etildi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston qardosh Ozarbayjonda amalga oshirilayotgan fuqarolar mamnuniyatini uyg‘otuvchi, korrupsiya va byurokratiyaning oldini olishga xizmat qilayotgan islohotlarga katta qiziqish bildirmoqda. Vazir mamlakatda adliya sohasida qo‘llanilayotgan raqamli innovatsiyalar, elektron manbalar va zamonaviy notarius xizmatlari, shuningdek, Ozarbayjon brendiga aylangan ASAN modeli haqida so‘zlab berdi.
B.Ashrafxonov o‘tgan oyda O‘zbekiston adliya vazirligi tashkil etilganining 30-yilligi nishonlanganini qayd etib, Ozarbayjon tajribasidan foydalangani va ikki tomonlama munosabat rivojiga qo‘shgan hissasi uchun F.Mamedovga vazirlikning yubiley esdalik nishonini topshirdi.
Ashxabodda “Toshkent” bog‘i barpo etilmoqda
«Xroniki Turkmenistana». Ashxabodda Maxtumquli shoh ko‘chasi bo‘ylab, “Ikkinchi istirohat bog‘i” o‘rnida “Toshkent” bog‘i barpo etilmoqda. Yangi bog‘ning ochilishi yil oxirida Turkmaniston va O‘zbekiston prezidentlari ishtirokida bo‘lib o‘tadi.
O‘tgan yilning mart oyida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Ashxabodga amaliy tashrifi doirasida “Toshkent” bog‘ining dastlabki loyihasi bilan tanishgan edilar.
2017 yil oktyabr oyida Toshkentda ham Ashxabod bog‘i ochilgan edi. Unda favvora, sakkiz qirrali yulduz ko‘rinishidagi gulzorlar, Ashxabod aeroportiga o‘xshatib qurilgan amfiteatr bor.
I. Abdumalikzoda tayyorladi, O‘zA.