Ozarbayjon – O‘zbekiston: sheriklik ko‘lami kengaymoqda
IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tgan “Ozarbayjon – O‘zbekiston: iqtisodiy sheriklik vektori” davra suhbatida mutaxassislar o‘z fikri, tashabbusi va takliflarini ilgari surishdi.
Nozim Gajiyev, Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi direktori:
– 100 dan ziyod investitsiya loyihasini ko‘rib chiqdik, 15 tashabbus batafsil tahlil uchun tanlab olindi.
Biz kredit tashkiloti emas, balki xususiy investitsiya kompaniyasi sifatida faoliyat yuritamiz va asosan turli sohalardagi minoritar ulushga sarmoya kiritamiz.
O‘tgan yil Toshkentda ofis ochgandik, endi Bokuda vakolatxona tashkil etyapmiz. Bu bizga Ozarbayjon bozorini samarali qamrab olish imkonini beradi.
Jamoa tarkibidagi mahalliy va xorijiy tashkilotlarda boy tajriba orttirgan 13 mutaxassisning aksariyati O‘zbekistonda faoliyat yuritadi.
Vazifamiz faol kompaniyalarga sarmoya kiritish, o‘sish salohiyati aniq aktivlarni qo‘lga kiritish. Korporativ boshqaruv tizimini yaratish, tezkor moliyaviy nazorat o‘rnatishga ko‘maklashamiz, strategik qaror qabul qilish uchun mutaxassislarimizni kuzatuv kengashlariga faol jalb qilamiz.
Tahlil qilish uchun tanlangan loyihalardan to‘rttasi turli sanoat tarmoqlariga, bittasi moliyaviy texnologiyaga tegishli. Yangi Toshkentda eng yirik xalqaro maktab qurilishiga alohida e’tibor qaratilyapti. Joriy yil oxirigacha amalga oshirish rejalashtirilgan yana bir necha loyiha ishlab chiqilyapti.
Bundan tashqari Germaniya, Italiya, Yaponiya va Yaqin Sharqdan tadbirkorlarni jalb qilish uchun savdo-sanoat palatalari va ishbilarmon hamjamiyatlar yordamida xalqaro darajadagi biznes hamkorlarni faol izlayapmiz.
Boshqa moliya institutlari va investitsiya kompaniyalaridan qo‘shma sarmoya kiritish ham rejamizda bor. Masalan, xalqaro maktab loyihasi Abu Dabi investitsiya kompaniyasi va O‘zbekistonning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya jamg‘armasi ko‘magida ilgari surilgan.
Pirovard maqsadimiz yuqori samarador loyihalar orqali mamlakatlarimiz iqtisodiy o‘sishini jadallashtirish uchun ulkan salohiyatga ega kompaniyalarga sarmoya kiritish. Professional jamoamiz bu yo‘lda bor kuchi, mahoratini ishga soladi.
Elnur Aliyev, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari:
– Ozarbayjon va O‘zbekiston ikki tomonlama hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi asosiy institutsional mexanizm – hukumatlararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazdi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi oliy darajadagi tashriflar tizimli tus olgan. Ikki tomonlama munosabat tobora chuqurlashmoqda. Tovar ayirboshlash sur’ati sezilarli darajada oshgan.
Savdo aylanmasi chorak milliard dollarga yetdi. So‘nggi to‘rt oyda bu miqdor o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch barobar ko‘paydi.
Ushbu jarayonni qo‘llab-quvvatlashda institutsional mexanizm ishlashi juda muhim. Ayniqsa, Hukumatlararo komissiya juda muhim vosita.
Masalan, qariyb 500 million dollar sarmoyaga ega qo‘shma investitsiya jamg‘armasi Kuzatuv kengashi doirasida 12 aniq loyiha belgilab olindi. Aloqani yanada mustahkamlash maqsadida Ozarbayjon O‘zbekistonda savdo vakolatxonasi ochishni ko‘zlayapti. Mamlakatimizning oltinchi shunday xorijiy missiyasi sifatida mazkur tuzilma iqtisodiy aloqalar rivojiga yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonchimiz komil.
Sharof Rahmonov, Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari:
– O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalar izchil rivojlanmoqda. Shu bilan birga hali mavjud imkoniyatlar to‘liq ro‘yobga chiqarilgani yo‘q. Raqamlarga murojaat qilamiz: hozir yurtimizda Ozarbayjon kapitali ishtirokida 200 ga yaqin korxona faoliyat yurityapti. Bokuda ham shunga yaqin miqdorda kompaniyalarimiz ro‘yxatga olingan.
Har ikki tomon savdo-iqtisodiy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga intilmoqda. Ishonchimiz komilki, hozirgi ko‘rsatkichlar bir necha barobar ortib, yaqin kelajakda milliardlab dollarlik qiymat haqida gapira olamiz.
Ozarbayjondan diyorimizga har yili 10 000 ga yaqin sayyoh keladi. Ko‘plab yurtdoshlarimiz ushbu qardosh elga doim qiziqish bilan boradi. Ayni payt ikki yirik loyiha – Bokuda O‘zbekiston va Toshkentda Ozarbayjon milliy markazi qurilishi boshlangan va salmoqli tashabbuslarni hayotga tatbiq etishda har ikki tomon tadbirkorlari ishtirok etmoqda. Mamlakatlarimiz timsoliga aylanajak bu markazlar tarkibida sayilgoh, savdo-ko‘ngilochar markaz, turar-joy maydoni barpo etiladi. Loyiha hozir faol tayyorgarlik bosqichida. Yaqinda shahrimiz delegatsiyasining Ozarbayjonga tashrifi chog‘ida Boku hokimiyati bilan samarali muzokara o‘tkazib, O‘zbekiston markazi qurilishi uchun joy belgiladik. Tez orada hamkorlar bilan Toshkentda uchrashib, Ozarbayjon markazi manzilini muhokama qilamiz.
Yusif Abdullayev, Ozarbayjon Respublikasi Eksport va investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi:
– Mamlakatlarimiz o‘rtasida elektron tijorat, qurilish sohalarida hamkorlik rivojlanmoqda. Masalan, ozod qilingan hududlar tiklanishi biz uchun juda muhim. Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonning yetakchi kompaniyalari to‘qimachilik klasterlari yaratish, turar-joy majmualari qurish bo‘yicha muzokara olib boryapti. Qishloq xo‘jaligi sohasida allaqachon muayyan natijalarga erishilgan: Paxta klasteri loyihasi doirasida 2 000 gektarga ekin ekildi. Shunday maydonlarni 6 000 gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Joriy mavsum bir necha gektar maydon tayyorlandi, ayni payt birinchi hosilni kutyapmiz.
Sanoat kooperatsiyasiga ham alohida e’tibor qaratilib, infratuzilma va avtomobilsozlik sohasidagi an’anaviy hamkorlik davom ettirilyapti. Faoliyatini boshlagan yig‘ish zavodida 9 000 dona “Chevrolet” avtomobili ishlab chiqarildi. Shu tariqa “Made in Azerbaijan” va “Made in Uzbekistan” brendlari mavqei mustahkamlanmoqda.
Shaharsozlik sohasida Boku istiqbolli yangi loyihalarni ilgari surmoqda. Iyun oyi boshida “Oq shahar” hududiga tashrif uyushtirilib, mazkur loyihani amalga oshirish sari yana bir dadil qadam qo‘yildi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA