Ozarbayjon milliy yetakchisining yuz yilligiga
Buyuk Haydar Aliyev va O‘zbekiston
Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev doimo qardosh O‘zbekiston, turkiy mamlakatlar bilan munosabatga alohida e’tibor bergan.
Prezident Ilhom Aliyev 2019 yil Ozarbayjonga tashrif buyurgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda Sharof Rashidov va Haydar Aliyev o‘rtasida mustahkam do‘stlik rishtasi qoyim bo‘lganini ta’kidlagan edi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishida o‘zbek xalqi Ozarbayjonning buyuk farzandi Haydar Aliyev bilan doimo faxrlanishini qayd etdi. O‘zbekistonda uni doimo eslashadi, hurmat qilishadi, chunki H.Aliyev chinakamiga buyuk shaxs edi. U hamisha o‘zbek xalqiga yuksak hurmat bilan munosabatda bo‘lgan, O‘zbekiston haqida samimiy gapirgan.
Mustaqillik yillarida ham Haydar Aliyev O‘zbekistonga alohida e’tibor qaratdi. 1996 yil o‘rtalarida O‘zbekistonda Ozarbayjon elchixonasi, 1998 yil may oyida Ozarbayjonda O‘zbekiston elchixonasi ochildi.
Ikki tomonlama munosabatni rivojlantirishda davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari muhim o‘rin tutadi.
1996 yil 21-22 oktyabr kunlari Ozarbayjon Prezidenti Haydar Aliyev Turkiy tilli davlatlar rahbarlarining IV forumi va Buyuk davlat arbobi Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurdi. Forumda so‘zga chiqqan H.Aliyev bunday muntazam uchrashuvlar mamlakatlarimiz hamkorligini rivojlantirish, madaniy-ma’naviy aloqani kengaytirish, davlatlar mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Ozarbayjon rahbarining 1997 yil 18-19 iyunda mamlakatimizga amalga oshirgan keyingi davlat tashrifini munosabatlarimiz taraqqiyotidagi yangi bosqich, deyish mumkin. O‘shanda Toshkentda imzolangan 19 hujjat orasida Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, do‘stlik va sheriklikni mustahkamlash to‘g‘risidagi bitim alohida ahamiyatga ega.
Haydar Aliyev hujjatlarni imzolash marosimida chiqish qilib, “Biz O‘zbekiston bilan ishonchli sheriklik munosabati rivojlanishi va mustahkamlanishi uchun Ozarbayjonda bor imkoniyatni amalga oshiramiz”, dedi. Davlat rahbarlari uchrashuvida tomonlarni qiziqtirgan masalalar muhokama qilindi, hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Ushbu tashrif doirasida H.Aliyevga O‘zbekiston Milliy universiteti faxriy doktori unvoni berildi.
Buyuk yetakchi doimo turkiy tilli mamlakatlar birlashuvi tarafdori bo‘lgan. U turkiy dunyo yozuvchilari bilan uchrashuvda shunday degan edi: “Xalqlarimiz madaniyati, adabiyoti va she’riyati ko‘plab to‘siqlardan o‘tdi, qiyinchiliklarni yengdi. Bu sinovlar, ba’zan, tarixning katta bosqichlarida madaniyatimiz, adabiyotimizga sezilarli zarba bergan bo‘lishi mumkin, ammo bunday qadriyatlarimizni mahv qila olmadi. Mana endi qiyinchiliklardan omon qolgan turk xalqlari madaniyati, adabiyoti va she’riyati dunyoda alohida o‘rin tutmoqda!
Haydar Aliyev merosini o‘rganar ekanmiz, uning ko‘p qirrali faoliyati milliy manfaatni himoya qilish, qardosh xalqlar o‘rtasidagi munosabtni rivojlantirish, Ozarbayjonning xalqaro siyosat maydonidagi nufuzini oshirishga xizmat qilganini ko‘rish mumkin.
Haydar Aliyev jahon tarixidagi o‘ta ziddiyatli XX asrda zamonaviy Ozarbayjonning buyuk bunyodkoriga aylandi. U mamlakat taraqqiyoti poydevorini qo‘ydi, mustaqil respublika me’mori sifatida davlatchiligimizni shakllantirdi. O‘zbekiston bilan munosabatni yuqori darajaga ko‘tarish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi startegik sheriklik, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro yordamda u beqiyos o‘rin egallagan.
Bugun buyuk yetakchi Haydar Aliyevning orzu-niyati amalga oshdi: mustaqil Ozarbayjon o‘z tarixiy o‘tmishi, mustaqilligi, boy madaniyatini saqlagan holda, dunyo davlatlari orasida dadil qadam tashlamoqda.
Turkiy davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik mustahkamlanmoqda. Xususan, ikki qardosh mamlakat – Ozarbayjon va O‘zbekiston munosabati yuksak darajaga ko‘tarildi.
Samir Abbosov,
Toshkentdagi Haydar Aliyev nomli
Ozarbayjon madaniy markazi direktori