Ozarbayjon media sohasi vakillari Samarqandda
Mamlakatimiz poytaxtida o‘tkazilgan “Raqamli asrda haqiqatni izlab: dezinformatsiyaga qarshi kurashish” mavzuidagi birinchi O‘zbekiston – Ozarbayjon media forumi ishtirokchilari Samarqand shahrida mehmon bo‘ldi.
Ozarbayjon mediasi mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari dastlab Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi.
So‘ngra Registon majmuasi va bu yerdagi xalq amaliy san’ati va milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmalari bilan tanishdi. Buyuk ajdodlarimizning yuksak aql-zakovati va bunyodkorlik salohiyati timsoli bo‘lgan mazkur obidalarning yaratilish tarixi, ularni asrab-avaylash borasidagi ishlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-19452]
– Avvalo, O‘zbekiston va Ozarbayjon birinchi media forumi yuqori saviyada o‘tgani va ikki tomon uchun ham juda foydali bo‘lganligini ta’kidlashni istardim, – deydi Ozarbayjondagi “Report” axborot agentligi direktori Fuad Huseynaliyev. – Bugungi axborot asri, mediamakonda tez sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar paytida o‘zaro hamkorlik, tajriba almashish muhim hisoblanadi. Bu tadbir chog‘ida ham ko‘p ta’kidlandi va kelgusida bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazishga qaror qilindi. Samarqandga sayohatni esa barchamiz kutgandik, bu shahar go‘zalligidan bahramand bo‘lishni istagandik. Chunki bu shahar nafaqat O‘zbekistonning, balki Sharqning gavharidir. Bu yerdagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar bizning umumiy, mushtarak tariximizni namoyon etadi. Ularda o‘zimizning tariximizning bir bo‘lagini ko‘rgandek bo‘lamiz.
Ozarbayjonlik mehmonlar Samarqand shahridagi yana bir qator tarixiy-madaniy yodgorliklar, Siyob dehqon bozori va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari