O‘zA tanqid qiladi: Yerqo‘rg‘onmi yoki Loyqo‘rg‘on?
Luqma
Xayolingiz Qashqadaryo viloyatida joylashgan qadimiy yodgorlikka ketayotgandir. Yo‘q, shoshilmang. Gap shunday buyuk tarixiy joy nomini olgan Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahri chetidagi oziq-ovqat dehqon bozori haqida ketmoqda.
Agar yo‘lingiz tushib aynan shu bozorga bormoqchi bo‘lsangiz qish kunlarida yengil oyoq kiyimda borishni maslahat bermayman. Etik kiyib olganingiz ma’qul. Aks holda loyga botasiz. Aslida ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxini bilish uchun borgandik, lekin u yerdagi abgor ahvol narx navodan ham muhimroq muammolarni yozishga majbur qildi. Bozor viloyatdagi eng katta oziq-ovqat bozori sanaladi. Tushumlar ham shunga yarasha. Ammo sotuvchi-yu xaridorlarga yaratilgan shart-sharoit, chekka qishloqlardagi dasht bozorlardan ham xarob. Ayniqsa, ulgurji mahsulotlar sotiladigan tomonga o‘tsangiz tizzagacha loyga botishingiz tayin.
[gallery-10439]
Sotuvchilar bilan suhbatlashar ekanmiz: “Patta beruvchi nazoratchilar pul yig‘ishga kelganda hisobdan umuman adashmaydi, sharoit esa nol”, deyishgancha dardi hol qiladi.
Qishning yog‘ingarchilik paytlari hammayoq loy-shalabbo, yozda esa bu loylar chang-to‘zonga aylanadi. Bozor ma’muriyati esa pinagini ham buzmaydi. O‘zini hurmat qilgan kishi bunday sharoitda yurishni istamaydi. Bu qachongacha davom etadi? Axir o‘rta asrlar emaski, bozorga toza kiyimda kelib, yarim belgacha loyga botib qaytsak?!
Bu luqma ortidan kimnidir qoralash, ayblash niyatimiz yo‘q. Sotuvchi-yu xaridorlar ahvoliga achinganimizdan yozdik. O‘ylaymizki, mas’ullar tez orada ushbu muammolarga e’tibor qaratadi. Bozordagi sharoitlarni yaxshilash haqida o‘ylab ko‘radi. Yig‘ilgan tushumlarning bir qismini bunyodkorlik ishlariga sarflaydi. Zero, xalq ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak.
Ha, aytgancha, bozor rahbari bir-ikki yil oldin almashgan edi. Rahbarni almashtirish masalaga yechim bo‘lolmaydi, bo‘lmadi ham.
Mavzuga hali qaytamiz.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA