O‘zA fotomuxbirining ijodi Xitoydagi ko‘rgazmada (+video)
Axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt rivojlangan bir paytda fotosuratga qiziqish biroz kamaygandek tuyiladi. Ammo Xitoyning Guychjou provinsiyasida bo‘lib o‘tgan “19-daxlsiz ekologiya” – “Rang-barang Guychjou-2026” fotoko‘rgazmasi bu fikrni tamomila rad etdi. Fotonigoh va fotolavhalar avvalo tarixiy hujjat, tasviriy-badiiy asar, did tarbiyasidek nozik yo‘nalish vositasi ekanini yana bir bor isbotladi.
Guychjou fotoko‘rgazmasi bu yil o‘n to‘qqizinchi marotaba o‘tkazilmoqda. Lekin O‘zbekiston fotoijodkorlarining asarlari bunday nufuzli maydonda ilk bor namoyish etildi. Fotoko‘rgazma zallarida va ochiq osmon ostidagi qishloq uylari, bino-inshootlar devorlariga qo‘yilgan fotosuratlar orasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Farg‘ona viloyatidagi fotomuxbiri Muqimjon Qodirov ijodiga mansub tasvirlar ham joy olgan.

– Men bunday xalqaro ko‘rgazmada birinchi bor ishtirok etyapman. Ochig‘i, ham xursandman, ham hayajondaman. Fotosuratlarda Farg‘ona viloyati manzaralari, odamlar portretlari aks etgan, – deydi Muqimjon Qodirov.
Xitoydagi fotoko‘rgazmaga o‘zbekistonlik muallifning 50 ga yaqin fotoishlari qo‘yilgan. Ularda Farg‘ona viloyati misolida Yangi O‘zbekistonda ro‘y berayotgan islohotlar, eng muhimi – inson hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar aks etgan.

– Men O‘zbekiston vakili Muqimjon Qodirov ijodini haqiqatan qiziqish bilan kuzatdim. Ularda oddiy inson qiyofasi, tarixiy obidalar, qizg‘in ish jarayoni aks etgan. Men har birida hayotning tarixiy, oniy lahzasi, ma’nodor ifodasini topdim. Uning fotolari xalqaro ko‘rgazmani yangi rang, ma’no va yo‘nalish bilan boyitgan, – deydi fransiyalik fotoijodkor ko‘rgazma ishtirokchisi Orelen Fuko.
Guychjou tog‘laridagi go‘zal qishloqda uch kun davom etgan xalqaro fotoko‘rgazma Xitoy madaniy hayotida ham unutilmas voqealardan biriga aylandi.
<iframe width="1493" height="840" src="https://www.youtube.com/embed/OcT12Fq9158" title="zA fotomuxbirining ijodi Xitoydagi korgazmada" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video),
Xitoy, Guychjou provinsiyasi.
O‘zA