Oylik barchaga shodumonlik ulashmoqda
30 iyun – Yoshlar kunini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish maqsadida respublikamizning barcha hududlarida iyun oyi davomida «Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostida «Yoshlar oyligi» o‘tkazilmoqda.
30 dan ortiq kreativ loyihalarni o‘z ichiga olgan oylik Farg‘ona viloyatida ham qiziqarli va yodda qolarli lahzalarga boy o‘tmoqda. Oylikning 10-14 kunlarida bo‘lib o‘tgan o‘ndan ortiq tadbir, ilmiy-ijodiy bahs, ko‘rik-tanlov va musobaqalar minglab viloyat yoshlarini birlashtirdi. Yoshlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazuvchi “Street work out”, yigit-qizlarda ijtimoiy faollik va jamiyatga daxldorlik hissi, volontyorlik qobiliyatini oshirishga qaratilgan «Volontyor-men, volontyor-sen!» loyihasi, intellektual o‘yin ishqibozlari orasida “Tasdiq va inkor jangi” nomini olgan “Munozara” bahsi ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Oylik doirasida o‘tkazilgan «Tez o‘qish» musobaqasida faol ishtirok etgan 100 dan ortiq iqtidorli va zehni o‘tkir o‘quvchilar kattalarni ham hayratga soldi. Matnni tez va ravon o‘qishda Dilorom Asqarova, Zulayho Ergashaliyeva, Zulxumor Tojaliyevaga teng keladigani topilmadi. Shuningdek, oylik doirasida «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yigit-qizlar uchun “Sotsial IT academy” tomonidan bepul «Kompyuter savodxonligi» kursi tashkil etildi.
“Uzbekistan fashion week” loyihasi respublika bosqichida ishtirok etish huquqi uchun Farg‘ona, Andijon, Namangan va Qo‘qon shaharlari yosh dizaynerlarining saralash bosqichiga ham start berildi. Intellektual salohiyatli yoshlarni jam qilgan “Breyn ring” loyihasida 70 nafardan ziyod ishtirokchilar qatnashdi. Bunda 3 raund davomida beshtadan savolga tez va to‘g‘ri javob bera olgan “Re-yunion», «Vodiy» va «Lirika» jamoalari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Basketbol musobaqasining viloyat bosqichi sportchi qizlarni kashf etdi. Final bosqichida Quva, Dang‘ara tumanlari va marg‘ilonlik tengdoshlaridan ustun kelgan Qo‘shtepa tumani qizlar jamoasi g‘alaba qozonib, respublika bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi. «Omma oldida nutq so‘zlash mahorati» mavzusidagi «Yoshlar yoshlar uchun» ijtimoiy loyihasi, «Notiqlik san’ati» to‘g‘risidagi master-klass ham 200 nafardan ortiq bo‘lajak notiq va jurnalistlar uchun mahorat darsi bo‘ldi.

Oylik doirasida mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Bag‘dod tumani o‘quv sport texnika klubida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazilib, “Yoshlar daftari”dagi 50 nafar yosh mazkur klubda elektr payvandchilik va haydovchilik yo‘nalishlarida imtiyozli ta’lim olishi uchun maxsus sertifikatlar topshirildi.
Viloyatning Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari, Qo‘shtepa, Uchko‘prik, Buvayda va Oltiariq tumanlarida bo‘lib o‘tgan “Hokimning yoshlarga murojaati” ochiq muloqotida hudud yoshlarining muammo, taklif va tashabbuslari tinglandi.“Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanloviga start berildi. Oldinda esa “Duel”, “Vazir va yoshlar”, “Yoshlar teatr studiyalari” loyihalari, “Yosh shaxmatchi”, kibersport musobaqalari, “Yoshlar paradi” va “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi gala-konsert Farg‘ona dilbandlarini kutmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA