O‘yin unutilishi mumkin, ammo hisob tarixda qoladi
Futbolda ba’zan manzara hisobdan chiroyliroq ko‘rinadi. Maydonda tashabbus senda bo‘ladi, xavfli vaziyatlarni sen yaratasan, raqibni xato qilishga majbur etasan. Ammo tabloda raqamlar boshqacha manzarani aks ettiradi. Superliganing 14-turida Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Lokomotiv” – “So‘g‘diyona” uchrashuvi ham aynan shu haqiqatni yana bir bor isbotladi.
Jizzaxliklar uchrashuvni ishonch bilan boshladi. Ilk daqiqalardanoq Lyupcho Doriyev boshchiligidagi hujumchilar raqib himoyachilariga tinchlik bermadi. Ayniqsa, maydon egalarining orqa chizig‘idagi xatolardan keyin vujudga kelgan vaziyatlar “So‘g‘diyona” uchun hisobni ochish imkonini berishi mumkin edi. Doriyev, Petar Michin, Javohir Qahramonov, Fazliddin Omonkeldiyev ishtirokida tashkil etilgan bir nechta xavfli hujumlarda faqat yakunlovchi zarbaning aniq chiqmagani mehmonlar uchun eng katta muammoga aylandi.

Aksincha, “Lokomotiv” ehtiyotkorlik bilan harakat qildi. Maydon egalari birinchi bo‘limda hujumlar uyushtirgan bo‘lsa-da, darvoza oldida “So‘g‘diyona” kabi ko‘p imkoniyat yarata olmadi. Biroq futbolning yozilmagan qonuni bor: raqib kechirgan imkoniyatlar bir kuni o‘zingga qarshi ishlaydi.
Tanaffusga qadar hisob ochilmadi. Bir qarashda tashabbus mehmonlar tomonida edi. Biroq ikkinchi bo‘limda bahsning butun ssenariysi o‘zgardi.

46-daqiqadayoq “So‘g‘diyona” yana golli vaziyatga ega bo‘ldi. Lyupcho Doriyev Aleksey Kozlov ustidan to‘pni oshirib o‘tishga urindi, ammo “Lokomotiv” himoyachilari oxirgi lahzada xavfni bartaraf etdi. Bu epizod keyingi voqealarning o‘ziga xos burilish nuqtasi bo‘lib chiqdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, maydon egalari ketma-ket ikki marta penalti ishlashga erishdi. Har ikki vaziyatda ham Temurxo‘ja Abduholiqov sovuqqonlik bilan harakat qildi va 11 metrlik jarima zarbalarini golga aylantirdi. Qisqa vaqt ichida hisobning 2:0 ko‘rinishiga kelishi o‘yinning ruhiy oqimini butunlay o‘zgartirdi.

Shundan keyin “So‘g‘diyona” yana oldinga tashlandi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar hisobni o‘zgartirishga urindi, hujumlar soni ko‘paydi. Ammo hujum qancha ko‘paygani sari orqa chiziqda bo‘sh hududlar ham yuzaga kela boshladi. “Lokomotiv” aynan shu imkoniyatdan ustalik bilan foydalandi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda Quvonchbek Abrayev qarshi hujumni gol bilan yakunlab, uchrashuvga deyarli nuqta qo‘ydi.
Zenan Zaymovichning so‘nggi daqiqalarda kiritgan goli hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirgan bo‘lsa-da, bu gol mag‘lubiyat alamini yengillashtirishdan nariga o‘tmadi.

Ushbu bahsni shunchaki hisobga qarab baholash noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki o‘yin davomida “So‘g‘diyona” raqib darvozasi oldida “Lokomotiv”dan ko‘ra ko‘proq xavfli vaziyatlar yaratdi. Ayniqsa, birinchi bo‘limda va ikkinchi bo‘limning dastlabki qismida jizzaxliklar o‘yin tashabbusini o‘z qo‘lida ushlab turdi. Biroq zamonaviy futbolda tashabbus emas, uning samarasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Yana bir muhim jihat — ikki tur davomida jamoa o‘z darvozasidan sakkizta gol o‘tkazib yuborgan. Bu raqam himoya chizig‘ida jiddiy tahlil talab qilinishini ko‘rsatadi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda konsentratsiyaning pasayishi, jarima maydonchasidagi qo‘pol xatolar va raqibga berilayotgan imkoniyatlar kelgusi uchrashuvlar oldidan jiddiy xulosa chiqarishni taqozo etadi.

Shu bilan birga, «So‘g‘diyona»ning ijobiy tomonlarini ham inkor etib bo‘lmaydi. Jamoa hujum qurishni biladi. Kombinatsion futbol o‘ynaydi. Qisqa uzatmalar orqali raqib jarima maydonigacha yetib boradi. Demak, muammo o‘yin qurishda emas, balki uni samarali yakunlashda. Agar yaratilgan vaziyatlarning kamida yarmi gol bilan tugasa, bugungi hisob mutlaqo boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi.
Futbolda “agar” degan tushuncha yo‘q. Turnir jadvaliga chiroyli kombinatsiyalar, xavfli hujumlar yoki ustun o‘yin emas, kiritilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar yoziladi.
Shu ma’noda Toshkentdagi bahs “So‘g‘diyona” uchun muhim saboq bo‘ldi. Chunki futbolda ustunlik qilishning o‘zi yetarli emas. Hal qiluvchi pallada sovuqqonlik, mahorat va natija uchun o‘ynash g‘alabaning asosiy mezoni hisoblanadi.
Har qanday chiroyli o‘yin unitiladi, lekin hisob tarixda qoladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri