O‘yin-kulgudan voz kechilib, bolalarga sovg‘alar ulashildi
Ibratli tashabbus
Jizzax viloyati Forish tumanining eng olis va eng chekka Darboza qishlog‘ida joylashgan maktab o‘quvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilariga qorboboning Yangi yil sovg‘alari yetkazildi.
Yangi yil bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bu xayrli ish Jizzax pedagogik mahorat markazi va viloyat direktorlar kengashi tashabbusi bilan belgilangan jadval asosida amalga oshirildi.
Ushbu tashabbus pedagogik mahorat markazi jamoasining koorporativ bayram tadbiridan voz kechgan holda, uning o‘rniga tuman markazlaridan olisda joylashgan umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari jamoalari bilan yaqindan muloqot qilish, ta’lim va o‘quv jarayoni bilan tanishish hamda bolajonlarga quvonch bag‘ishlash maqsadida tashkil etildi.

Saxovatpesha pedagoglarning ilk yo‘nalish manzili Forish tumanidagi 50-sonli umumta’lim maktabi bo‘ldi. Darboza qishlog‘ida joylashgan ushbu maktab tuman markazidan 270 kilometr olislikda joylashgan. Shu bugungi kunda 80 o‘rinli ushbu ta’lim muassasasida 69 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Markaz xodimlari dastavval maktabdagi ta’lim-tarbiya va sport fanlarining o‘qitilishi hamda qo‘shimcha to‘garaklar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Boshqa viloyatlardan kelib dars berayotgan o‘qituvchilar bilan shart-sharoitlar xususida suhbatlashdi. So‘ngra sinflardagi har bir o‘quvchiga turli-tuman shirinliklardan jamlangan Yangi yil bayrami sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, “Olis hudud” dasturi bo‘yicha respublikamizning turli hududlaridan kelib, shartnoma asosida ishlayotgan 7 nafar o‘qituvchiga issiq yopinchiq va to‘shaklar tarqatildi.
– To‘g‘risi, biz bunday tashrifni, nafaqat biz, qishloq ahli ham kutmagandi, – deydi ushbu maktab direktori Dilshoda Suyunova. – Pedagogik mahorat markazi o‘qituvchilarning bir hafta davomida markazga borib malaka oshirib kelishlari uchun tashkil etilgan, deb o‘ylar ekanmiz. Markaz jamoasi bugungi xayrli tadbiri bilan yana bir bor o‘qituvchilarga yelkadosh, hamkor ekanliklarini amalda ko‘rsatib berdi. Qorboboning Yangi yil sovg‘alari nafaqat ijtimoiy himoyaga muhtoj o‘quvchilarga, balki barchaga birdek ulashilgani, bolajonlarimiz va ularning ota-onalariga ham katta quvonch bag‘ishladi.
Markaz jamoasi, shuningdek, mahallada yaqindagina tashkil etilgan birinchi oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotida ham bo‘lib, ushbu muassasada tarbiyalanayotgan barcha 16 nafar jajji o‘g‘il-qizga bayram sovg‘alari ulashdi.
– Darboza qishlog‘iga borish uchun bir kun vaqt sarflanar ekan, – deydi Jizzax pedagogik mahorat markazining boshlang‘ich ta’lim fani uslubchisi Nargiza Mirzabekova. – Bir necha soatlik o‘yin-kulgudan voz kechish evaziga bolajonlar yuzidagi quvonch, qalblaridagi mo‘’jizalarga ishonch tuyg‘ularini ko‘rib, yo‘l charchog‘i ham yodimizdan butunlay chiqib ketdi. Ahil jamoamizning bir maqsad sari birlashganidan va eng olis qishloq bolajonlari qalbiga Yangi yil kayfiyatini baxsh etib,ularni xushnud etaolgan bo‘lsak, demak vaqtimiz behudaga sarf bo‘lmabdi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri