Ovul ahliga bayram tuhfasi
Mamlakatimizning olis qishloq va ovullarida istiqomat qilayotgan aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizning olis qishloq va ovullarida istiqomat qilayotgan aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.Prezidentimizning 2008-yil 12-iyunda qabul qilingan “Qishloq tumanlari va shaharlari aholisini sifatli ichimlik suv bilan ta’minlashni yanada yaxshilash va tabiiy gazdan tejamli foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Vatanimiz mustaqilligining 23-yillik bayramiga qizg‘in taraddud ko‘rilayotgan shu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanining Porlitov ovulidagi 355 xonadonning ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.
– 30 million so‘mlik loyiha asosida 1,2 kilometr suv tarmog‘i rekonstruksiya qilindi, – deydi tuman suv tarmoqlari korxonasi rahbari Jo‘ldas Nurullayev. – Zamonaviy polietilen quvurlarining yotqizilgani suv tarmoqlaridan foydalanish muddatini sezilarli darajada oshiradi.
– Ilgari suv tanqisligidan qiynalardik, – deydi uy bekasi Oyjamol To‘remuratova. – Endi har bir xonadonga toza ichimlik suvi yetib bordi. Bu biz uchun katta bayram tuhfasi bo‘ldi. Chekka hududlarda ham zamonaviy sharoitlar yaratishga qaratilayotgan ulkan e’tibor uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.
Ayni paytda tuman markazida shu yo‘nalishda 243,7 million so‘mlik yana bir loyiha amalga oshirilmoqda.