O‘tmish va kelajakni bog‘lagan ko‘prik
Navoiy viloyatining Nurota tumanida folklor jamoalari o‘rtasida “Nurli navolar” III xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi.
Respublikamizning barcha hududlaridan folklor jamoalar ishtirok etgan tadbirda “So‘zana va kashta” milliy hunarmandchilik yarmarkasi, bolalar musiqa va san’at maktablari hamda madaniyat markazlari a’zolari ishtirokida ijodiy uchrashuv va mahorat darslari tashkil etildi.
[gallery-12501]
– Festivalni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – qadimiy folklor san’ati bilan o‘tmish madaniy yodgorliklarimiz tarixining o‘zaro bog‘liqligini, uzviyligi va ulug‘vorligini keng targ‘ib qilishdan iborat, – deydi Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov. – Shuningdek, an’ana tusini olgan mazkur festivalda yoshlarni ajdodlarimizdan meros ulkan ma’naviy xazinadan bahramand etish, ularda milliy g‘urur, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirish ham asosiy vazifalarimizdan biridir. Ko‘rib turibsiz, bugungi tadbirda barcha yoshdagi aholi vakillarini uchratish mumkin. Ular mumtoz musiqamiz va xalq qo‘shiqlari – folklorimizga befarq emas. Aksariyat folklor namunalarini yoddan bilishadi. Ishtirokchilarga qo‘shilib birga ijro etmoqda. Hamohanglikda raqslarga tushmoqda.
Anjuman dasturi doirasida mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan folklor-etnografik jamoalar o‘zlari tayyorlagan kuy-qo‘shiqlari bilan birga bir-birini takrorlamas sahna liboslarini ham namoyish etdi. Ularning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
– Bugungi festivalda folklor yo‘nalishida tumanimizning “Yor-yor” folklor xalq jamoasi 1-o‘ringa loyiq deb topildi, – deydi Xatirchi tumani madaniyat va turizm bo‘limi boshlig‘i Nasriddin Arabov. – Folklor xalq jamoasi viloyatimiz, xususan tumanimiz hayotiga xos va mos bo‘lgan repertuar – “Usta hunarmandlar” nomli 15 daqiqalik sahna ko‘rinishi bilan ishtirok etdi. Bunda tumanimizdagi barcha hunarmand ustalarimiz hayoti va faoliyati aks ettirilgan. Bugungi muvaffaqiyat jamoamizni yangidan-yangi ijodiy asarlar yaratishga undaydi. Kelgusida chet davlatlarga ijodiy safarlar uyushtirib, yurtimiz dovrug‘ini yanada ulug‘lashga harakat qilamiz.
Festival yakunida folklor jamoalari ishtirokida gala-konsert uyushtirilib, g‘olib va sovrindorlar munosib rag‘batlantirildi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/d6dPgsXAeGM" title="Ўтмиш ва келажакни боғлаган кўприк" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat+video), O‘zA