Otasiga avtomobil sovg‘a qilgan qiz
Grafik dizayn — dizayn sohasining yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ma’lum axborotni ijtimoiy guruhlarga yetkazish uchun vizual kontent yaratish, ularni tartiblash, loyihalashga xizmat qiladi. Grafik dizaynning asosiy maqsadi muammolarni aniqlash, ularni ijodkorlik bilan innovatsion va raqamli vositalar yordamida o‘zgartirish hamda to‘g‘ri talqin qilishdan iborat.
Hikoyamiz qahramoni Madina Mavlonova grafik dizayner. U ish faoliyatini frilanser sifatida uydan olib boradi. Uning otasi zavodda elektrik, onasi esa bog‘chada tarbiyachi vazifasida ishlaydi. Madina Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 5-maktabda, so‘ngra Texnika kasb-hunar kollejida tahsil olgan. Faoliyatini 17 yoshida boshlagan. U dastlab kollejning 2-bosqichida o‘qiyotganida fotostudiyaga amaliyotga chiqib, suratlarni montaj qilgan.

– Ota-onam oila qurgach, hammasini birgalikda boshidan boshlashgan, mustaqil oila tebratib, bizni katta qilishgan, – deydi Madina Mavlonova. –Turmushdagi muammolarni ko‘rganimda, tezroq katta bo‘lib, ota-onamga yordam beraman, deb orzu qilardim.

Oldiniga o‘zimni “Photoshop” yaratishda sinab ko‘rganman. Vinetkalar yasaganman. O‘shanda buni dizayn ekanligini hatto tushunmaganman. Ilk o‘quv kursim, dasturchilik bo‘lgan. O‘shanda ustozim Toshkentda imkoniyat ko‘pligini aytib, poytaxtda ishlashimni tavsiya qilgan. Onamning qarshiligiga qaramay, ulardan bekitib, suhbatga borib kelganman. Buni bilib qolgan onam mendan rosa xafa bo‘lgan va uydan chiqishimni taqiqlab qo‘ygan. Lekin, Toshkentdan qo‘ng‘iroq qilib chaqirishganidan so‘ng, ota-onamning o‘zlari birga borib ish joyimni ko‘rib, tanishgach, Toshkentda ta’lim olib, ishlashimga ruxsat bergan.

O‘qish 2 oy offlayn formatda bo‘lgan. Darslar kech soat 6 yarimdan 10 gacha davom etardi. Onam o‘shanda meni deb ikki oy mobaynida Toshkentda ijarada yashagan. 2020-yil pandemiya boshlangan paytlarda ota-onamning ishlari to‘xtagan. Shunda uyda o‘tirib onlayn daromad topib, oilamizni tebratishga ko‘maklashganman. Keyinchalik uyimizni ta’mirlashga ham o‘z hissamni qo‘shdim. 2022-yildan esa otamga mashina olish maqsadida pullarimni yig‘ishni boshladim va joriy yil otamga yangi avtomobil hadya qildim.

Farzandning ta’lim olishida ota-ona qo‘llab-quvvatlovi juda muhim. Yutuqlarimning asosiy omili bu ota-onamning menga bergan ko‘maklaridir. Men uchun dadam ro‘zg‘ordan orttirib “Macbook” olib berdi. Frilansda uydan ishlashimga qaramay, kompyuterda o‘tirsam, meni ofisda o‘tirganday ishimni hurmat qilishadi. Men 2021-yilda o‘zim kabi qizlarga ta’lim berishni maqsad qilib, 5 nafar qizga grant e’lon qilganman. Biroq, istovchilarning soni 400 nafardan ortganiga 34 nafar qizni tanlab, ularga 3 oy bepul dars o‘tganman. Ularning ham ko‘pchiligi havas qilgulik natijalarga erishdi.

Madina 6-yillik tajribasi davomida 250 dan ortiq logo yaratgan, 300 nafardan ortiq tengdoshlarining IT yo‘nalishlarida ta’lim olishida yordam bergan. U doimiy ravishda turli xorijiy kurslarda o‘qiydi. Xozir ingliz tili bo‘yicha bilimini yaxshilab, xizmatlarini chetga eksport qilishni rejalashtirmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA