Otabek Xaylayev – shaxmat bo‘yicha ochiq chempionat g‘olibi
Shaxmat sporti nafaqat intellektual salohiyatni, balki sabr-toqat va strategik fikrlashni ham talab qiladi. Shu jihatdan, mamlakatimizda turli yirik tashkilotlar va idoralar tomonidan shaxmat bo‘yicha musobaqalar tashkil etilishi soha rivojiga katta hissa qo‘shmoqda.
Ana shunday nufuzli musobaqalardan biri shaxmat bo‘yicha “O‘zbekgidroenergo” AJ ochiq chempionatidir.
Kuni kecha mazkur “Chess Board Open Championship of “Uzbekhydroenergo” JSC”ning final bosqichi shiddatli va qizg‘in tarzda o‘tdi.
Unda mamlakatimizdagi vazirliklar, idoralar va tashkilotlar vakillari yuqori mahorat, teran tahlil va uzoqni ko‘ra bilish qobiliyatini sinab ko‘rdi.
[gallery-24697]
Yakuniy bellashuvlarga ko‘ra, “Energosavdo” filiali xodimi Otabek Xaylayevga birinchi o‘rin, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakili Saidahmadxon Ahmedovga ikkinchi, Raqamli texnologiyalar vazirligi vakili Ulug‘bek Ozodovga uchinchi o‘rin nasib etdi.
“Energosavdo” filiali xodimi Otabek Xaylayev chempionatda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganidan mamnunligini ta’kidlar ekan, har bir bellashuv yuqori saviyada va juda qizg‘in o‘tganini alohida qayd etdi.
– Musobaqada ishtirok etgan har bir raqib kuchli tayyorgarlikka ega ekanini ko‘rsatdi. Bu musobaqada g‘alaba qozonish men uchun katta yutuq. Birinchi o‘ringa erishish kelgusidagi chempionatlarda yanada puxta va maqsadli tayyorgarlik ko‘rishga menga katta ilhom va ruhiy kuch beradi. Eng muhimi, mazkur chempionat nafaqat ishtirokchilarning shaxmat mahoratlarini oshirish, balki ular o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik va tajriba almashish muhitini mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etdi, – dedi u.
Chempionat yakunida taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unga ko‘ra, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘olib 130 million so‘m, ikkinchi o‘rin sohibi 100 million so‘m, uchinchi o‘rin egasi esa 70 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA