Ota-onasini ajrashishdan saqlab qolgan qiz
“Taslim bo‘lma” loyihasi orqali zo‘ravonlikka uchrayotgan xotin-qizlarning ayanchli taqdiri, buguni va ertasi haqida hikoyalar berib borishni rejalashtirdik. Qahramonlarimizning ism-shariflari sir tutilsada, ular bugun sizu bizning oramizda, ehtimol opamiz, singlimiz, dugonamizdir. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar ularning ham baxtli yashashga, e’zozu ikrom ko‘rishga haqqi bor.
Bektemir tumani ichki ishlar organining faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor, mayor Dilrabo Shokirovaning yordami bilan zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar bilan suhbat uyushtirdik. bugungi hikoyamiz qahramoni Gulshan ismli qiz.
— Kollejda o‘qib yurgan kezlarim sinfdoshlarimdan nafratlanardim, — deya hikoya qiladi Gulshan. — Kun-kunaro yo birorta o‘g‘il yoki qiz bola dugonam bilan urishardim. Atrofdagi hamma men uchun xiyonatkor, yolg‘onchi, ikkiyuzlamachi, zo‘ravondek ko‘rinardi. Hech kim bilan til topisholmasdim. O‘qituvchilar bilan ham tez-tez aytishardim. Darslar tugagach, soatlab kollej hovlisidagi kursida o‘tirardim. Chunki uyga borgim kelmasdi. Uydagi muhit, dadam bilan oyimning urish-janjallaridan biz bolalar bezib ketgandik. Har kuni ahvol bir xil. Oyim dadam ishdan kelishiga shirin taomlar tayyorlab, dasturxon tuzab, qaynoqqina ko‘k choy, salatlar tayyorlab, salatning bir chetiga ko‘m-ko‘k garmdorini qo‘yib qo‘yadi. Dadam ishdan keladi, qo‘llarida sumka, har xil narsalar bilan. Ularni ko‘rib ukam va singlim quvonib ketishadi. Ukam shosha-pisha bananni olib, tezgina yeb oladi. Singlim o‘ziga atalgan narsasini xonasiga olib kirib, yostig‘ining tagiga qo‘yib qo‘yadi. U yeyishga oshiqmaydi, chunki...
Dadam yuz-qo‘llarini yuvib dasturxonga o‘tirgach, ovqatdan oldin 100-200 gramm aroq ichib oladi. Och qoringa ichilgan aroq ko‘p o‘tmay dadamni o‘z izmiga solib, asab tolalarini o‘ynay boshlaydi. Yo‘q joydan onamdan ayb qidirib, tuhmat qila boshlaydi. Onam janjal bo‘lishidan qo‘rqib, jahlini ichiga yutib o‘tiradi.
— “Onangga gap ta’sir qilmaydi. Bezbet, bu xotin”, - deya dadam haqorat qilishni boshlaydi. Choyi to‘la piyola he yo‘q, be yo‘q yo eshikka yoki oynaga otiladi. Dadam multfilm ko‘rib o‘tirgan ukamning qo‘lidagi pultni olib, jahl bilan boshqa kanalga buraydi. Ukam onamga qarab yig‘laydi. Singlim arazlab, xonasiga kirib ketadi.
— Ularda nima ayb, shu ovqat o‘lgurni tinchgina yesak bo‘maydimi?, deydi onam.
— Bo‘lmaydi, hammasiga sen aybdorsan, — deydi dadam va yigirma yillik voqealarni eslab, onamni haqorat qilishni boshlaydi. Onamning ham sabr kosasi to‘ladi, gap qaytaradi. Dadam onamning yuziga musht tushiradi yoki bilaklarini qattiq qisib, azob beradi.
Ajrashaman, deydi onam yig‘i aralash. Dadam uchta bola bilan qayergayam borarding, otangnikigayam, ukangnikigayam sig‘maysan, deydi. Hammamiz xonamizga kirib, devorning bir burchagiga suqilib yig‘lay boshlaymiz. Onam ko‘z yoshlarini artib, shu zaxri qotilni o‘ylab topgan odamlarni qarg‘ay boshlaydi. Uch bola bilan hech qayerga sig‘masligini, boshpanasiz yashash qiyinligini o‘ylab, yana dadam bilan ajrashish fikridan qaytadi. Chorasiz, ojiz onamga qarab, o‘zimga nega ayollarning qismati bu qadar og‘ir, degan savol beraman. Javobini esa qayerdan topishni bilmayman.
Onamning hech qayerga murojaat qilmasligi, o‘zi va biz azoblansakda andisha qilib yashashi, to‘g‘risi mening g‘azabimni oshiradi. Ba’zida uyat, andishalar katta jinoyatlar keltirib chiqarayotganini eshitib, yuragim orqaga tortadi.
To‘g‘ri, dadam bu odatidan uyaladi, ammo uni tark etolmaydi. Irodasi yetmaydi. Onam esa dadamning aybini hech kimga oshkor qilmaydi. Ko‘kargan yuzini ko‘rgan odamlarga eshikka urib oldim, deya ishontiradi. Boshiga tushgan mushtlardan ko‘ngli behuzur bo‘lgan paytlari dori ichib, dardni yengadi. Ba’zida onam bilan dadam ajrashsa yaxshi yasharmiz, degan hayolga borardim. Hayolan otasiz oilani tasavvur qilardim. Ammo otasi yo‘q sinfdoshlarimning boshpanasiz, ijarama-ijara ko‘chib yashayotganlarini ko‘rib, xarqalay qornimiz to‘q, ustimiz butku, deb o‘zimni yupatardim. Onamga juda qiyin edi. Uydagi muammoni ko‘chaga olib chiqmagin, degan gapga qattiq yopishib olgandi. Hayot o‘zgarganini, endi ayol kishi xo‘rlanib yashamasligi kerakligini, uni himoya qiluvchi qonunlar borligini bilmasdi. Dadamning aybini, johilligini berkitib yashashda davom etardi.
i bitirgan yilim oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdim. Bir kuni universitetda xotin-qizlar komissiyasi tomonidan tadbir tashkil etildi. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 19 maydagi “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori haqida tushuncha berishdi. Ichki ishlar organlari xodimlari, psixologlar, oilashunos olimlar inson zo‘ravonlik qurboni bo‘lganida qanday yo‘l tutishi va qayerga murojaat qilish zarurligini uqtirishdi.
Ana o‘sha tadbir va qaror mening va onamning hayotini butkul o‘zgartirdi.
Dadam odatdagidek ichib kelib, janjal ko‘tardi. Onamga order olishni maslahat berdim. U uyalaman, dedi. Men yuzingiz ko‘karib yurishidan uyalmaysizu dadamni tarbiyalashlaridan uyalasizmi, oilamizni asrab qolishning chorasi bor, dedim. Ertasiga onam mahalla idorasiga chiqib, u yerdagi mas’ullarni uyimizdagi ahvoldan ogoh qilibdi. Ular onamga himoya orderi berishibdi. O‘sha kuni uyimizda yana katta janjal bo‘ldi, dadam onamni qattiq kaltakladi. Onam ichki ishlar organi xodimiga qo‘ng‘iroq qildi. Bir zumda mahalla faollari bilan ichki ishlar xodimi yetib kelishdi. Agar bu ahvol takrorlansa oqibati yomon bo‘lishini, dadamga nisbatan o‘n besh sutkalik qamoq yoki jarima undirilishini aytib, tanbeh berishdi. Psixologning tavsiyasiga ko‘ra dadam ichkilikka qarshi davolash muolajasini oldi.
Yaratganga shukr, hozir dadam yaxshi otalar safiga qo‘shilgan. Onam ham ishga joylashdi. Men va ukalarim endi kech tushishini xavotir bilan kutib olmaymiz. Dadam, onam ishdan kelgach, hammamiz bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, ovqatlanamiz. Dadam ukam bilan shashka o‘ynaydi. Singlim xursand bo‘lsin deb, ataylab yutqazib beradi. Biz judayam baxtiyor oilamiz. Men dadamni judayam yaxshi ko‘raman. Ha, darvoqe, hozir hech kim bilan urishmayapman. Odamlarni, hayotni yaxshi ko‘rib qoldim.
Bir paytlar nega ayolning qismati bu qadar og‘ir, degan savollarimga javob topdim. Yurtimizda hech bir ayol baxtsiz bo‘lmasligini, uning taqdiri ortida mahallasi, Vatani turganini his qildim. Faqat baxtli bo‘lish uchun uning o‘zida ham istak va jur’at bo‘lishi zarurligini tushunib yetdim.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova yozib oldi.