Ota kabi ulugʻ, onadek aziz, mukarram...
Insonga uch narsani tanlash imkoniyati berilmagan. Bular – ota, ona, Vatan.
Insonga uch narsani tanlash imkoniyati berilmagan. Bular – ota, ona, Vatan. Shuning uchun ham ona Vatan, ota makon, ona zamin deymiz.
Bugungi kunda Oʻzbekiston degan nom bilan dunyo ahli eʼtirofiga sazovor boʻlayotgan shu jannatmonand yurt bizning yagona Vatanimizdir!
Bobolarimiz kim?
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumaniga yoʻlingiz tushib qolsa, koʻpni koʻrgan otaxonlar salom-alikdan soʻng, avvalo, qaysi hududdan, qaysi urugʻdan ekaningizni, bobolaringiz kimligini soʻraydi. Agar urugʻingizni bilmasangiz, ular zimdan bir-biriga qarab, maʼnoli bosh irgʻab qoʻyishadi. Keyin suhbat koʻp ham qovushmaydi. Qaysi urugʻdan ekaningizni aytsangiz, chollar yayrab ketishadi. Yurtingizdan chiqqan polvonu chavandozlar, taniqli odamlar haqida bilganlarini soʻzlashib, miriqib gurunglashadi. E, birodar, bizga qarindosh ekansiz, bobolaringiz bizga amaki boʻlishgan, deya sizni uyiga taklif qilishadi. Agar “urugʻimiz oʻzbek-da, otaxon” deya quvlik qilsangiz, biroz uyalib qolishingiz ham tayin. Hammamiz oʻzbekmiz, deyishadi ular. Oʻzbek katta millat, katta el. Uning boʻgʻinlari, urugʻlari bor. Masalan, Amir Temur barlos urugʻidan, Alpomishning urugʻi qoʻngʻirot, biz birgalashib bir millat nomi bilan atalamiz. Uning toʻqson ikki urugʻi bor. Bu chollarni endi gapdan toʻxtatib boʻlmaydi: farzandda otaning haqi koʻpmi, onaniki? Oʻgʻil bola kimga koʻproq oʻxshaydi? Mavzu koʻp.
Xalqimiz bekorga “Oʻgʻil bola yetti bobosini bilishi kerak” demaydi. Buning zamirida katta hikmat bor. Tarixni bilish kelajak uchun zarur. Xoʻsh, biz kimmiz? Bobolarimiz kim boʻlgan? Ular bizga nimalarni meros qilib qoldirgan?
Tarixiy kitoblarni varaqlasangiz, hozir sizu biz umrguzaronlik qilayotgan hudud – ikki daryo oraligʻidan dunyoga dongʻi ketgan buyuk allomalar, shavkatli insonlar koʻp yetishib chiqqanini bilasiz. Ular dunyo ilm-fani rivojiga salmoqli hissa qoʻshishgan.
Sharq, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi IX-XII va XIV-XV asrlarda jahonning boshqa mintaqalaridagi Renessans jarayonlariga ijobiy taʼsir koʻrsatgan Sharq uygʻonish davri Sharq Renessansi sifatida dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan.
Oʻrta asrlarning ilk davrida zamonaviy matematika, trigonometriya va geografiya fanlari taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan Muhammad Xorazmiy algebra faniga asos soldi. Sharq olimlari orasida faqat uning nomi va asarlari “algoritm” va “algebra” kabi zamonaviy ilmiy atamalarda abadiylashtirildi.
Ahmad Fargʻoniy tomonidan IX asrda yaratilgan “Astronomiya asoslari” fundamental asarida olamning tuzilishi, Yerning oʻlchovi haqidagi dastlabki maʼlumotlar, sayyoramizning sharsimon koʻrinishga ega ekani xususida dalillar mavjud boʻlib, mazkur kitob XVII asrga qadar Yevropa oliy taʼlim dargohlarida astronomiya boʻyicha asosiy darslik sifatida oʻqitilgan.
Abu Rayhon Beruniy dunyo ilm-fanida birinchilardan boʻlib dengizlar nazariyasi va Yerning sharsimon globusini yaratish yuzasidan oʻziga xos yangi gʻoyalarni taklif etdi. Kolumbdan 500-yil oldin Tinch va Atlantika okeanlari ortida qitʼa mavjudligi haqidagi qarashni ilgari surdi.
Abu Ali ibn Sinoning hayoti va faoliyati avlodlarda alohida gʻurur va ehtirom tuygʻularini uygʻotadi. Ilmiy tadqiqotlarini 16 yoshida boshlagan ulugʻ zot 450 dan ortiq asar yaratdi. Tibbiyot tarixida eng mashhur “Tib qonunlari” fundamental asari bilan Ibn Sino keyingi bir necha yuz yillar uchun tibbiyot fanlari taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi. Hozirgi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan amaliy tibbiyot va farmakologiya sohalarining eng muhim usullariga asos soldi.
X asrning qomusiy allomasi Abu Nasr Forobiyni zamondoshlari, universal bilimlarga ega boʻlgani bois, “Sharq Aristoteli” deb atashgan. U koʻplab fanlarni ilmiy kashfiyotlar bilan boyitdi, turli mamlakatlar olimlarining falsafiy qarashlarini rivojlantirdi va 160 dan ortiq asar yozdi.
Oʻrta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining butun bir avlodi haqida soʻz yuritar ekanmiz, Amir Temur va Temuriylar davri haqida eslamasdan oʻtolmaymiz.
Amir Temurning nabirasi, Samarqandda 40 yil hukmdorlik qilgan Mirzo Ulugʻbek astronomiya sohasidagi buyuk alloma sifatida shuhrat qozongan va uning nomi haqli ravishda Kopernik, Jordano Bruno, Galiley va boshqa ulugʻ ilm-fan daholari qatorida tilga olinadi. Mirzo Ulugʻbekning XV asrda tuzgan astronomiya jadvalida 1018 yulduzning joylashuvi bayon qilingan boʻlib, bu asar astronomik oʻlchovlar boʻyicha 16 asr davomida yaratilgan birinchi yangi katalog edi.
Abu Abdulloh Rudakiy, Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Saʼdiy, Hofiz Sheroziy, Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur va boshqa koʻplab buyuk mutafakkirlarning ilmiy-ijodiy merosida donishmandlik va borliq olamni gumanistik anglashning juda ulkan, bitmas-tuganmas xazinasi bayon qilingan. Bu meros haqiqatan ham jahon ahamiyatiga molik bebaho boylik hisoblanadi.
Bu roʻyxat ancha uzun...
Shu oʻrinda tarixda yirik markazlashgan davlat tuzgan, ilm-fan, sanʼat va adabiyot rivojiga homiylik qilgan buyuk davlat arbobi va donishmand, mard va shijoatli inson Amir Temur bobomizning tarixiy xizmatlari haqida alohida gʻurur bilan taʼkidlashni istardik.
Amir Temur ikki daryo oraligʻida yashovchi va qoʻshni xalqlarni Chingizxon zulmidan ozod qilib, yirik markazlashgan imperiya barpo etdi. Temuriylar davrida ilm-fan, sanʼat va madaniyat gurkirab rivojlandi.
Juda katta va keng miqyosda obodonchilik hamda bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. El osoyishta va farovon yashadi. Bu davrni bejiz Movarounnahrning “oltin davri” deyishmaydi.
Ammo Amir Temurdan soʻng bu hududda parokandalik, taxt uchun kurashlar boshlanib ketdi... Ayniqsa, XX asr boshlaridagi Turkiston hududidagi uch xonlik davrida mavjud vaziyatga toʻgʻri baho berilmadi, xonlar oʻz shaxsiy huzur-halovati, manfaatlarini oʻylab, xalqni birlashtirolmadi. Natijada ulugʻ va qudratli yurtimiz mustamlakaga aylanib qoldi...
Kechagi kun
Bugun yoshi qirq-ellikdan oshgan avlod istibdod nima ekanini yaxshi biladi. Yagona hukmron mafkura tazyiqlari, paxta yakkahokimligi, ona tilimiz, dinimizning ahvoli, milliy qadriyatlarimizga munosabat, kamsitish va tahqirlashlar hali xalqimizning yodidan koʻtarilgani yoʻq. Ulugʻ allomalarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Xoja Bahouddin Naqshband, Amir Temur, Mirzo Bobur haqida nimalarni bilardik? Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Usmon Nosir kabi ulugʻ shoir va yozuvchilarimizni oʻqimasdan voyaga yetdi bu avlod? Milliy bayramimiz – Navroʻzni qanday nishonlardik?
– Maktab oʻquvchilari sentyabrning ilk kunlaridanoq paxta yigʻim-terimiga ommaviy jalb qilinardi. Baʼzi yillari dekabrning oxiri, Yangi yil bayramiga qadar dalada qolib ketgan paytlarimiz boʻlgan. Koʻklam boshlanishi bilan bolalar yana dala ishlariga chiqarilardi, – deydi chiroqchilik faxriy oʻqituvchi Doʻstmurod Haydarov. – Darsliklar hukmron mafkura manfaatidan kelib chiqib yozilar, oʻquvchilarning atoqli yozuvchi, shoirlarimiz tarjimayi holiga oid savollariga javob berolmay qiynalardik. Oʻsha davrlarda yozilgan badiiy asarlarga qoʻyilgan talablar-ku hech bir quyushqonga toʻgʻri kelmasdi.
Birgina sobiq tuzum davridagi ona tilimizga munosabatni olib qaraylik. Respublika, viloyat miqyosidagi katta-katta yigʻilishlar “ulugʻ ogʻa” tilida olib borilar, rasmiy hujjatlar, davlat idoralarida yozishmalar shu tilda yuritilardi. Oʻsha yillari aeroport, temir yoʻl kassalari oldida bilet ololmay, toʻgʻrirogʻi, fikrini oʻzga tilda tushuntirolmay turgan yoshi ulugʻ otaxonu onaxonlarni koʻp koʻrganmiz. Markazdan kelgan vakillar mahalliy xalq tilini tushunmasa-da, majlislarda ota-bobosi mirishkor oʻtgan insonlarga dehqonchilik, chorvachilikdan “saboq” berardi. Ular bir ogʻiz oʻzbekcha gapirolmasa-da, yillar davomida rahbarlik lavozimlarida ishlashgan.
Yoki milliy qadriyatlarimiz, diniy marosimlarga munosabatni eslang. Navroʻzdek sevimli va ardoqli bayramimiz taqiqlanganini aytmaysizmi? Egallab turgan lavozimidan qoʻrqib, qarindoshlarining janozasiga qatnashmagan, milliy bayramlarga eskilik sarqiti sifatida qaragan qanchadan-qancha insonlarni bilamiz. Oʻsha paytlarda hujjatlarda chiroyli gaplar yozilgan boʻlsa-da, amalda insonning vijdon, eʼtiqod erkinligi taqiqlangan edi.
– Yilboshi – Navroʻz bayramini odamlarimiz qoʻrqa-pisa, yashirincha nishonlardi. Diniy marosimlar, bayramlarga, yaqinlarimizning maʼrakalariga yurak hovuchlab borib-kelardik, – deydi faxriy oʻqituvchi Shodmon Chorshanbiyev. – Hajga borish, haj ziyorati hatto tushimizga ham kirmasdi.
Milliy kadrlarga, qobiliyatli yoshlarga munosabatda bepisandlik, kamsitish ustuvor edi. Ayniqsa, sport, sanʼat, ilm-fan, harbiy, qoʻyingki, barcha sohada bu narsa yaqqol koʻzga tashlanardi. Oʻzbek yigitlari faqat qurilish batalyonlariga harbiy xizmatga olinardi...
Baxtiyor avlod
Choyxonadagi “gap”dan chiqib, taksiga oʻtirdik. Hamroh hamkasbim mashinaga chiqishi bilan 25-30 yoshlardagi haydovchi yigitga gap tashladi:
– Toshkentni yaxshi bilasanmi, uka?
– Ha, darsdan keyin aylanaman. Har holda kunlik xarajatim chiqib turibdi.
– Unda bizni Lenin muzeyiga oborib qoʻy. Kirov parki orqali yurasan, – dedi hamrohim menga bir koʻzini qisib qoʻyib.
Yigit jimib qoldi. Birozdan soʻng xijolatnoma iljayib:
– Qarang, shuni bilmas ekanman, – dedi.
– Frunze haykalini bilarsan. Karl Marks xiyobonini-chi?
Haydovchidan sado chiqmadi.
– Butun shaharni bilaman, deysan-a? – Hamkasbim gʻolibona kulimsiradi.
– Qoʻying, yigitni xijolat chektirmang. Amaking hazillashayapti, – suhbatga aralashdim men. – Toshkentda bunaqa manzillar yoʻq.
Haydovchining chiroyi ochildi. Undan yoshini soʻradim.
Ismim Ozod, 1991-yil 1-sentyabr kuni tugʻilganman! – Uning ovozida oʻzgacha gʻurur bor edi.
Bu nimani bildiradi? Bugungi yoshlar – baxtli avlod. Ular mustaqillikning erkin nasimidan bahramand boʻlib ulgʻaymoqda. Ular birovga tobelik, mutelik nimaligini tasavvur ham qilisholmaydi. Bu avlodning qalbi toza, ezgu tuygʻularga limmo-lim, koʻngli yaratuvchilik, bunyodkorlik ishtiyoqi bilan toʻla. Bu yoshlarni asrab-avaylashimiz, ularning erkin, mustaqil fikrli insonlar boʻlib ulgʻayishi uchun barcha sharoitni yaratishimiz kerak.
Bu yil xalqimiz Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligini nishonlaydi. Bugun qaysi hudud, shahar yoki qishloqqa bormang, ulugʻ ayyomga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilayotganining ustidan chiqasiz. Oʻtgan yillarda amalga oshirilgan ishlar koʻlami shu qadar kengki, uni ikki-uch jumlada ifodalab boʻlmaydi. Iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy sohalarda qoʻlga kiritilgan yutuqlarimiz juda ham ulkan. Oziq-ovqat, yoqilgʻi-energetika mustaqilligi, avtomobilsozlik sanoati, taʼlim, tibbiyot, ilm-fan, sport va sanʼatning rivojlanishi, xalq turmush sharoitini yaxshilash borasida qilinayotgan zalvorli ishlar... Bularning bari har birimizda gʻurur-iftixor uygʻotadi.
Islohotlar berayotgan moddiy natijalar masalaning bir tomoni boʻlsa, uning maʼnaviy samaralari ikkinchi tomonidir. Buni anglash uchun bugungi yoshlar – istiqlol farzandlari bilan bir dildan suhbatlashib koʻring. Ularning dunyoqarashi, oʻylayotgan oʻylari, oʻzini hech kimdan kam bilmay, bagʻri butun boʻlib oʻsayotgani koʻnglingizni oʻstiradi. Bunday oʻz eʼtiqodi, dunyoqarashi, sogʻlom turmush tarziga ega, komil inson boʻlib ulgʻayayotgan yigit-qizlar Vatanimiz porloq kelajagining yaratuvchilari. Ularni aslo yengib, chalgʻitib boʻlmaydi.
Yer yuzida davlatlar, xalqlaru el-elatlar koʻp. Har birining oʻziga xos turmush tarzi, urf-odatlari, qadriyatlari mavjud. Aslida dunyo shu rang-barangligi bilan goʻzaldir.
Yaqinda xorijiy mamlakatlardan biriga xizmat safariga borib kelgan hamkasbim taassurotlarini gapirib berdi:
“Albatta, ular bizdan taraqqiyot nuqtayi nazaridan ancha ilgarilab ketishgan. Kompyuter texnologiyalari, ishlab chiqarish yuksak darajada deyish mumkin. Ammo u davlatning poytaxtidagi eng shinam mehmonxonalaridan birida ikki hafta yashab, kun sanab oʻtkazdim. Taomlarini yeyolmadim. Shaharda tumanning qalinligidan havo yetishmaydi, osmon koʻrinmaydi. Oʻyladim: bu millatning bolalari quyoshni koʻrmay voyaga yetisharkan-da. Odamlar oʻrtasidagi munosabatlar hisob-kitobga asoslangan. Mehr-oqibat yoʻq. Muhabbat yoʻq. Ishonasizmi, mening koʻrganlarimga taqqoslasak, biz jannatda yashayotgan ekanmiz. Har kuni tushimga mevazor hovlimiz, sharqirab oqayotgan zilol suvlar, mehrli, samimiy chehrali odamlarimiz, shirin taomlarimiz kirib chiqadi deng”.
Hamkasbimning kayfiyati menga ham koʻchadi.