Ota aliment o‘rniga “Spark” avtomashinasini berdi
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi, uning shahar, tuman bo‘limlari tomonidan aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida zarur ishlar olib borilmoqda.
Majburiy ijro byurosi Andijon tuman bo‘limi ish yurituviga fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining qarzdor X.I.dan undiruvchi G.I. foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.
Qarzdor X.I. aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamaganligi sababli 12 million so‘m qarzdorligi vujudga kelgan. Byuroning Andijon tuman bo‘limi xodimlari tomonidan qarzdor bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida X.I. aliment qarzdorligini to‘liq bartaraf etib, 31 million 554 ming so‘m to‘lovni amalga oshirdi.
Shuningdek, qarzdor undiruvchi G.I. bilan kelishgan holda farzandi voyaga yetgunga qadar to‘lanadigan aliment pullari o‘rniga o‘z nomidagi “Spark” mashinasini berishni taklif qildi. Taklif qabul qilinib, mashina undiruvchi nomiga o‘tkazib berildi. Shu tariqa ijro hujjati ijrosi amalda ta’minlandi. Farzand ta’minoti uchun moddiy yordam ko‘rsatish har bir otaning ham insoniy, ham qonuniy burchi hisoblanadi. Otalar qayerda bo‘lmasin ana shu burchni aslo unutmasliklari lozim.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA