Osoyishta yurtning ertangi kuni porloq bo‘ladi
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi 14-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida Qang‘li, Nurafshon va Yoyilma mahallalari aholisi ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot oddiy mahalla tadbiri doirasidan chiqib, yurtdagi osoyishtalikni asrash, inson qadrini ulug‘lash, yoshlar tarbiyasi va jamiyatdagi hamjihatlikni mustahkamlash kabi ustuvor vazifalarning mahalladagi amaliy ifodasiga aylandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ilgari surilgan g‘oyalar ham ana shu maqsadlar bilan uyg‘un.

Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari Olimjon Meliboyev, “Nuroniy” jamg‘armasi Jizzax viloyati bo‘limi raisi Norqul Nusharov hamda mehnat faxriysi, mahalla faoli Imomqul Berdiyev ishtirok etdi.
Muloqotda yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, har bir dorilamon kunga shukronalik bilan qarash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.

Ayniqsa, nuroniylar va yoshlarning samimiy suhbati uchrashuvga alohida mazmun bag‘ishladi. Hayot sinovlaridan o‘tgan keksalar o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashib, yoshlarni Vatanga sadoqat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik ruhida tarbiyalash, ularni ezgu maqsadlar sari yo‘naltirish muhimligini ta’kidladi.
Zero, yurt taraqqiyoti avvalo mahallada, odamlarning kundalik hayotida namoyon bo‘ladi. Mahallada ahillik mustahkam bo‘lsa, yoshlar e’tibor va g‘amxo‘rlikda kamol topsa, har bir fuqaro o‘zini shu yurt taqdiriga daxldor deb bilsa, bu katta maqsadlarning hayotdagi amaliy ifodasidir.

Uchrashuvda osoyishtalikni asrab-avaylash, mahallalarda ahillik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va tuman ravnaqiga munosib hissa qo‘shish har bir fuqaroning burchi ekani alohida qayd etildi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri