Osiyoning eng yaxshi bokschisi va murabbiyi
Osiyo boks konfederatsiyasi turli nominatsiyalar bo‘yicha 2015-yilning eng yaxshi sportchilarini aniqladi. Ular orasida boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Bektemir Meliqo‘ziyev va terma jamoa murabbiyi Rustam Saidov ham bor.
Osiyo boks konfederatsiyasi turli nominatsiyalar bo‘yicha 2015-yilning eng yaxshi sportchilarini aniqladi. Ular orasida boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Bektemir Meliqo‘ziyev va terma jamoa murabbiyi Rustam Saidov ham bor.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yosh avlodni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida sportchilarimiz turli nufuzli xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lib, O‘zbekiston farzandlari hech kimdan kam emasligini va kam bo‘lmasligini isbotlamoqda.
O‘zbek boks maktabi dunyoda yetakchilardan hisoblanadi. Yurtdoshlarimiz nufuzli sport musobaqalari – qit’a va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida muntazam g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib kelmoqda. Ana shunday sportchilarimizdan biri Bektemir Meliqo‘ziyev “Osiyoning eng yaxshi bokschisi” deya e’tirof etildi.
Bektemir o‘tgan yilgi sport mavsumida yorqin g‘alabalarga erishdi. Dastlab Tailandda o‘tkazilgan boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida va Bolgariyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Xitoyning Nankin shahri mezbonlik qilgan II o‘smirlar Olimpiadasida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, o‘z yosh toifasida dunyoda tengsiz ekanini isbotladi.
2015-yilda ham B.Meliqo‘ziyev O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida kattalar o‘rtasidagi qit’a va jahon chempionatida yuqori natijalarga erishdi. Ayniqsa, Osiyo chempionatidagi yorqin g‘alabalari boks ixlosmandlarining yuksak olqishiga sazovor bo‘ldi. U jahon chempionatida kumush medal va 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qiladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Bokschilarimizning ulkan g‘alabalarida terma jamoa murabbiyi Rustam Saidovning ham hissasi katta. 1999-yili boks bo‘yicha Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan R.Saidov bir yildan so‘ng Sidney Olimpiadasida terma jamoamiz hisobiga bronza medalni keltirdi. Bugungi kunda R.Saidov murabbiy sifatida tajriba va mahoratini yosh iqtidor egalariga o‘rgatmoqda. Rustam Saidov boshchiligidagi terma jamoamiz a’zolari Tailandda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ikkita oltin, beshta kumush va bitta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Qatarda o‘tkazilgan jahon chempionatida uchtadan kumush va bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Rustam Saidov Osiyo boks konfederatsiyasi tomonidan “Osiyoning eng yaxshi murabbiyi” deb topildi.